"Kaftimizda buyuk ipak yo'li": Sian shahrida O'zbekiston xotin-qizlar forumi bo'lib o'tdi
2026-05-22 14:20:00 / Yangiliklar

Tadbirda Bosh vazir o'rinbosari — Oila va xotin-qizlar qo'mitasi raisi Zulayho Maxkamova boshchiligidagi O'zbekiston delegatsiyasi ham ishtirok etdi. Delegatsiya tarkibida Qoraqalpog'iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar oila va xotin-qizlar boshqarmalari rahbarlari, shuningdek, oziq-ovqat ishlab chiqarishdan tortib yuqori texnologiyalargacha turli sohalarda faoliyat yurituvchi bir guruh tadbirkor ayollar bo’lib, ular xotin-qizlar tadbirkorligini qo’llab-quvvatlash, yangi ish o’rinlarini yaratish, global tarmoq asosida jahon bozoriga chiqish bo’yicha tajribalar almashmmoqda.
Forum O'zbekiston va Xitoy o'rtasidagi hududlararo hamkorlikni mustahkamlash; investitsiya va sanoat kooperatsiyasini kengaytirish; xotin-qizlar tadbirkorligiga yangi eksport yo'nalishlari ochish; ikki mamlakat tadbirkorlari o'rtasida bevosita ishbilarmonlik aloqalarini rivojlantirish; "yashil iqtisodiyot", logistika, turizm va innovatsiyalar sohasidagi loyihalarni birgalikda muhokama qilish kabi bir qator muhim maqsadlarni o’z ichiga oladi.
Forum doirasida B2B va G2B formatidagi ikki tomonlama uchrashuvlar tashkil etildi. "Made in Uzbekistan" milliy ko'rgazmasi va tadbirkor xotin-qizlarning milliy mahsulotlari namoyishi barcha ishtirokchilar katta qiziqish uyg'otdi. O'zbekiston milliy pavilyonida eksport salohiyatiga ega mahsulotlar, hududlarning investitsion imkoniyatlari, qishloq xo'jaligi va turizm yo'nalishlarida hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Qayd etish joiz, Sian shahri Buyuk Ipak yo'lining qadimiy markazlaridan biri sifatida O'zbekiston tadbirkor ayollari uchun xalqaro iqtisodiy maydonda faol ishtirok etish va yangi bozorlarni o'zlashtirish nuqtai nazaridan alohida ahamiyat kasb etadi.
O'zbekiston–Xitoy III hududlararo forumi doirasidagi tadbirlar tavom etmoqda.









