Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi o‘rinbosari M.Nurmatovaning Osiyo xotin-qizlari II forumida “Ayollar yetakchiligini rivojlantirish orqali inklyuziv boshqaruvni ta’minlash: O‘zbekiston tajribasi” mavzusida MA’RUZASI
2026-05-21 13:45:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Bugungi shiddatli global o‘zgarishlar davrida inklyuziv boshqaruv davlatlarning raqobatbardoshligini belgilovchi asosiy mezonga aylandi.
Zero, ayollar — jamiyat tayanchi, millat tarbiyachisi, qadriyatlar davomchisi va taraqqiyot yetakchisidir. Ularning bilimli, sog‘lom va himoyalangan bo‘lishi har qanday davlatning barqarorligi va farovonligi uchun muhim ahamiyatga ega.
O‘zbekiston uchun xotin-qizlarning siyosiy va iqtisodiy jarayonlardagi ishtirokini kengaytirish – bu shunchaki ijtimoiy majburiyat emas, balki milliy barqarorlik va iqtisodiy raqobatbardoshlikni ta’minlashga qaratilgan pragmatik siyosiy tanlovdir.
BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari, Xotin-qizlarga nisbatan kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi Konvensiya, Pekin Harakatlar platformasi hamda boshqa xalqaro huquqiy hujjatlar va
20 ta konvensiyalarning ratifikatsiya qilinishi O‘zbekiston uchun muhim huquqiy va institusional asos bo‘lib xizmat qilmoqda.
Ayollarning qaror qabul qilishdagi ishtiroki davlat boshqaruvi tizimining barqaror va muvozanatli bo‘lishiga hissa qo‘shmoqda.
O‘zbekistonda boshqaruvning eng quyi bo‘g‘inida ham ayollarning ishtiroki ta’minlangan. 9 mingga yaqin mahallada xotin-qizlar faollari lavozimi joriy etilgan. Natijada ayollarning masalalariga aksariyat hollarda markaziy idoralarda emas, balki aynan o‘sha mahallaning o‘zida yechim topilmoqda.
Bu – inklyuzivlikning hayotiy zarurat sifatida eng quyi bo‘g‘ingacha yetib borganining dalilidir.
Mamlakatimizda xotin-qizlarning boshqaruv salohiyatini yuksaltirishga qaratilgan tizimli islohotlar doirasida
3 oylik “Rahbar ayollar maktabi” loyihasi muvaffaqiyatli amalga oshirildi. Bugungi kunga kelib, o‘quvlarni tamomlagan 242 nafar xotin-qizlar Milliy kadrlar zaxirasiga kiritilib, 60 nafari yuqori rahbarlik lavozimlariga tayinlandi.
Joriy yildan boshlab, Prezident huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida yangi formatdagi 6 oygacha bo‘lgan “Rahbar ayollar” qayta tayyorlash ta’lim dasturi joriy etildi.
Davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi sifatida, endilikda boshqaruv kadrlarini tayyorlash jarayoniga nafaqat davlat xizmatchilari, balki xususiy sektor va fuqarolik jamiyati institutlarining eng salohiyatli vakillarini ham jalb etish choralari ko‘rilmoqda.
Bugun forum – bu nafaqat mintaqaviy muloqot, balki global siyosiy kun tartibiga ta’sir o‘tkazish maydonidir. Shu maqsadda ham mintaqaviy o‘ziga xoslikni, ham xalqaro strategik manfaatlarni ifodalagan holda quyidagi takliflarni ilgari suramiz.
Birinchidan, Osiyo qit’asi texnologiyalar markaziga aylanib bormoqda, biroq gender raqamli tafovut hanuz mavjud. Bu borada mintaqa xotin-qizlari uchun IT, sun’iy intellekt va elektron tijorat sohasida qo‘shma tajriba almashish («Skills Exchange») dasturlarini yo‘lga qo‘yish.
Ikkinchidan, Osiyo mintaqasi iqlim o‘zgarishlariga eng zaif mintaqalardan biri hisoblanadi. Ayollar esa «yashil» iqtisodiyotning asosiy harakatlantiruvchi kuchi bo‘la oladi, bu borada ekologik toza mahsulotlar ishlab chiqaruvchi va qayta tiklanuvchi energiya sohasida faoliyat yuritayotgan ayol tadbirkorlar uchun maxsus imtiyozli savdo zonasi yoki yagona elektron marketpleys yaratish.
Uchinchidan, Davlat boshqaruvi va diplomatiya sohasida yosh xotin-qizlar uchun qisqa muddatli siyosiy stajirovkalar va mentorlik tizimini yo‘lga qo‘yish maqsadida Osiyo mamlakatlarining Davlat boshqaruvi akademiyalari o‘rtasida «Ayollar yetakchiligi va davlat boshqaruvi» mintaqaviy hamkorligini yo‘lga qo‘yish.
To‘rtinchidan, Osiyo xalqlari uchun oilaviy qadriyatlar va milliy an’analar muhim. Bu merosni zamonaviy ilm-fan bilan uyg‘unlashtirish zarur. Biz mintaqamiz tarixidagi buyuk ayollarning ibratli yo‘lini o‘rganish va uni bugungi yosh avlod uchun namuna qilib ko‘rsatish bo‘yicha xalqaro loyihalarni amalga oshirish.
Qadrli anjuman ishtirokchilari!
Osiyo mintaqasining global iqtisodiy va siyosiy arxitekturadagi roli tobora o‘zgarib bormoqda.
Bugungi kunda mintaqamiz oldida turgan eng katta vazifa — shubhasiz bu mavjud inson kapitalini maksimal darajada safarbar etishdir.
Biz xotin-qizlarning davlat va jamiyat boshqaruvidagi ishtirokini shunchaki ijtimoiy inklyuzivlik emas, balki Osiyoning yangi iqtisodiy modelini qurishdagi strategik resurs sifatida qabul qilishimiz shart.
Maqsadimiz — Osiyo ayollarini nafaqat milliy qadriyatlarning himoyachisi, balki mintaqaviy raqamli transformatsiya yetakchilari va siyosiy qarorlar qabul qilish jarayonining teng huquqli sub’yektlari sifatida ko‘rishdir.
Faqatgina yuksak texnologiyalarni milliy identifikatsiya bilan uyg‘unlashtirgan holdagina, biz mintaqaviy barqarorlik va iqtisodiy suverenitetni kafolatlay olamiz.
Mamlakatimiz Osiyo davlatlari bilan ushbu yo‘nalishda konstruktiv muloqot va amaliy hamkorlikka tayyor. Keling, mintaqaviy birdamlik ruhida, ayollarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish orqali Osiyoning global maydondagi yetakchiligini birgalikda ta’minlaylik!
E’tiboringiz uchun rahmat!
