5 yil ish stajiga ega xotin-qizlarga tavsiyanoma qachondan boshlanadi?
2026-04-30 18:50:00 / Yangiliklar

Hukumatning tegishli qarori bilan tasdiqlangan “Mutaxassisligi bo‘yicha kamida besh yil mehnat stajiga ega bo‘lgan xotin-qizlarni davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomga ko‘ra, mutaxassisligi bo‘yicha kamida
5 yil mehnat staji mavjud, biroq oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan xotin-qizlar davlat oliy ta’lim muassasalariga alohida qabul parametrlari doirasida to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilinishi belgilangan.
Ushbu imtiyozdan foydalanmoqchi bo‘lgan xotin-qizlar Oila va xotin-qizlar qo‘mitasining tavsiyanomasiga ega bo‘lishlari lozim.
Tavsiyanoma olish uchun talabgorlar quyidagi mezonlarning barchasiga mos kelishi kerak:
- o‘rta maxsus yoki professional ta’lim bo‘yicha mutaxassislikka ega bo‘lishi (kollej, texnikum diplomiga ega bo‘lishi);
- tavsiyanoma olgunga qadar oliy ta’lim olmaganligi yoki olmayotganligi (davlat va nodavlat oliy ta’lim muassasalarida o‘qimayotgan bo‘lishi kerak);
- o‘rta maxsus yoki professional ta’lim mutaxassisligi bo‘yicha kamida besh yillik mehnat stajiga ega bo‘lishi (o‘rta maxsus diplomini qaysi mutaxassislik bo‘yicha tugatgan bo‘lsa, shu mutaxassislik bo‘yicha kamida 5 yil ishlagan bo‘lishi kerak).
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil
16 sentyabrdagi PQ-286-son qarori talablariga muvofiq, mutaxassisligi bo‘yicha kamida besh yil mehnat stajiga ega bo‘lgan xotin-qizlar oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishda tavsiyanoma olish uchun davlat xizmatlari ko‘rsatilishi belgilamoqda, ushbu xizmatdan to‘liq onlayn shaklda foydalanish imkoniyati yaratilmoqda.
Bunda xotin-qizlar Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) yoki Davlat xizmatlari markazlari orqali murojaat qilishlari kerak bo‘ladi.
Ayni vaqtda tizimni amaliyotga to‘liq joriy etish ishlari olib borilayotganligi sababli, xotin-qizlar joriy yilning 10 mayidan boshlab tavsiyanoma olish uchun murojaat qilishlari mumkin bo‘ladi.
Talabgorlar mazkur xizmatdan my.gov.uz portalida ro‘yxatdan o‘tgan holda mustaqil ravishda yoki Davlat xizmatlari markazlariga shaxsan tashrif buyurib foydalanishlari mumkin.
Ma’lumot uchun:
Tavsiyanoma berilgan kundan boshlab uch yil muddat davomida faqat bir marta oliy ta’lim muassasasiga qabul qilinishi uchun amal qiladi.
Bu muhim!
Berilgan tavsiyanoma to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘qishga kirish imkonini bermaydi.
Tavsiyanomaga ega bo‘lgan xotin-qizlar uchun tanlovlar umumiy tartibda davlat oliy ta’lim muassasalarining bakalavriatiga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha kirish imtihonlari (test sinovi, kasbiy (ijodiy) imtihon) doirasida o‘tkaziladi;
Tavsiyanoma Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan tavsiyanomaga ega bo‘lgan xotin-qizlar haqidagi ma’lumotlar ularning ish faoliyatiga mos bo‘lgan yo‘nalishlarini ko‘rsatgan holda Oliy ta’lim va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Bilim va malakalarni baholash agentligining maxsus tizimiga kiritiladi.
2024 hamda 2025 yillarda tavsiyanoma olgan, biroq oliy ta’lim muassasalarida talabalikka tavsiya etilmagan xotin-qizlarning tavsiyanomalari 2026 yilda ham amal qiladi.
