May oyida “Oilamiz — kelajagimiz” oyligi oʻtkaziladi
2026-04-24 14:30:00 / Yangiliklar

15-may - Xalqaro oila kuni munosabati bilan mamlakatimizda oila institutini mustahkamlash, oilaviy qadriyatlarni asrab-avaylash, yosh avlod ongida sogʻlom oila, masʼuliyatli ota-onalik va oʻzaro hurmat madaniyatini shakllantirishga qaratilgan keng koʻlamli tadbirlar tashkil etiladi.
Vazirlar Mahkamasining tegishli majlis bayonida Xalqaro oila kunini keng nishonlash hamda may oyi davomida “Oilamiz - kelajagimiz” oyligini yuqori saviyada oʻtkazish belgilangan.
Ushbu tadbirlarda, avvalo, ibratli oilalar tajribasini keng targʻib etishga alohida eʼtibor qaratiladi. Uzoq yillar davomida ahil-inoq yashab kelayotgan, farzandlarini vatanparvar, bilimli va maʼnaviyatli insonlar etib tarbiyalagan, mahalla hayotida faol ishtirok etayotgan, yosh oilalarga namuna boʻlayotgan oilalarning hayot yoʻli keng jamoatchilikka yetkaziladi. Bu orqali yosh avlodga oila faqat shaxsiy hayot masalasi emas, balki jamiyat oldidagi masʼuliyat, kelajak avlod taqdiriga daxldor muqaddas qadriyat ekani tushuntiriladi.
Shuningdek, “Yangi Oʻzbekistonning ibratli oilasi” koʻrik-tanlovini tashkil etish nazarda tutilmoqda (ilovasi). Mazkur tanlov oilaviy qadriyatlarni asrab-avaylash, farzand tarbiyasida masʼuliyatni oshirish, sogʻlom turmush tarzi, mahalladagi ijtimoiy-maʼnaviy muhitni mustahkamlash, kitobxonlik, hunarmandchilik, tadbirkorlik, tomorqadan unumli foydalanish kabi yoʻnalishlarda faol va namuna boʻlayotgan oilalarni ragʻbatlantirishga xizmat qiladi. Tanlov doirasida oilalarning hayotiy tajribasi, farzand tarbiyasiga yondashuvi, oiladagi maʼnaviy muhit, oʻzaro hurmat va mehr-oqibat anʼanalari keng yoritiladi.
Jumladan, oilaviy hayotda sadoqat, oʻzaro hurmat, farzand tarbiyasida masʼuliyat, mahalla va jamoat ishlarida faollik, milliy qadriyatlarga sodiqlik kabi fazilatlari bilan namuna boʻlayotgan oilalarni “Ibratli oila” koʻkrak nishoni bilan taqdirlash marosimini yuqori saviyada tashkil etish nazarda tutilgan. Maʼlumot uchun: 2025-yilda 2000 ta oila “Ibratli oila” koʻrak nishoniga munosib koʻrildi.
Shuningdek, yosh oilalarni qoʻllab-quvvatlash, ularda sogʻlom oilaviy muhit, masʼuliyatli ota-onalik, oʻzaro ishonch va mehr-oqibat tamoyillarini mustahkamlash maqsadida “Eng namunali yosh oila” tanlovi oʻtkaziladi (ilovasi). Mazkur tanlov yosh oilalarni jamiyatda faol, maʼnaviyatli, vatanparvar va farzand tarbiyasiga masʼuliyat bilan yondashuvchi oila sifatida namoyon etishga xizmat qiladi.
Oylik davomida “Yangi Oʻzbekistonning ibratli harbiy oilalari” koʻrik-tanlovini tashkil etish ham belgilangan. Ushbu tashabbus Vatan himoyachilari oilalaridagi fidoyilik, sabr-matonat va ibratli tarbiya muhitini keng jamoatchilikka yetkazishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Shuningdek, Oila va gender ilmiy-tadqiqot instituti bilan hamkorlikda “Yangi Oʻzbekistonda farovon oila modeli: milliy tajriba, ilmiy tahlil va innovatsion yondashuvlar” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya oʻtkaziladi. Anjumanda oila institutini mustahkamlash, zamonaviy oila modelini shakllantirish, milliy qadriyatlar va ilmiy yondashuvlar uygʻunligini taʼminlash, shuningdek, oilaviy munosabatlarda barqarorlik va farovonlikni oshirish masalalari muhokama qilinadi.
Xalqaro oila kuni munosabati bilan “Saodatli oilalar sayli” kabi ommaviy tadbirlar ham oʻtkazilishi maqsadga muvofiq. Bunday sayillarda bir necha avlod vakillari birga istiqomat qilayotgan xonadonlar, koʻp yillik oilaviy hayot tajribasiga ega nuroniylar, ibratli kelin-kuyovlar, yosh oilalar hamda mahalla faollari ishtirokida samimiy muloqotlar tashkil etiladi. Ularda oilaviy totuvlik, sabr, oʻzaro tushunish, farzand tarbiyasi, kelin-qaynona munosabatlari, oilada maʼnaviy muhitni sogʻlom saqlash kabi mavzular hayotiy misollar asosida yoritiladi.
Tadbirlar doirasida “Oila — muqaddas qoʻrgʻon”, “Oilaviy anʼanalar — maʼnaviy meros”, “Ota va ona — oila tayanchi”, “Farzand tarbiyasi — kelajak poydevori”, “Oilada sogʻlom muhit va oʻzaro hurmat” kabi mavzularda uchrashuvlar, davra suhbatlari va maʼnaviy-maʼrifiy muloqotlar oʻtkazilishi muhim ahamiyatga ega. Ayniqsa, taʼlim muassasalarida yoshlar bilan oilaga tayyorgarlik, masʼuliyatli nikoh, oilada oʻzaro ishonch va hurmat, ota-onalik burchi, milliy qadriyatlar va zamonaviy hayot uygʻunligi haqida ochiq muloqotlar tashkil etilishi maqsadga muvofiq.
Mahallalarda esa “Ahil oila kunlari” doirasida oilaviy ajrim bilan bogʻliq muammolarni barvaqt aniqlash, nizoli oilalar bilan individual ishlash, huquqiy, psixologik, tibbiy va pedagogik maslahatlar berish, yosh oilalarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan amaliy tadbirlar oʻtkaziladi.
Muzeylar, madaniy maskanlar, tarixiy obidalar va ziyoratgohlarga oilaviy sayohatlar uyushtirish, “Oilaviy hunarmandchilik”, “Avlodlar davomiyligi”, “Oilada milliy anʼanalar”, “Qadriyatlar — oila bezagi” kabi mavzularda koʻrgazmalar tashkil etish ham nazarda tutilgan.
Shu bilan birga, xotin-qizlar va onalarning maʼnaviy-maʼrifiy faolligini oshirish maqsadida “Kitobxon onalar kuni” loyihasi doirasida kitobxonlik tadbirlari, oilaviy mutolaa kechalari, onalar va qizlar ishtirokida adabiy uchrashuvlar tashkil etilishi mumkin. Kitobxon oila — maʼrifatli jamiyat asosidir. Shu bois, ota-ona va farzandlarni bir kitob atrofida jamlaydigan bunday tadbirlar oilada maʼnaviy muhitni boyitishga xizmat qiladi.
Oilaviy munosabatlarni sogʻlomlashtirishga qaratilgan “Oila kvesti”, “Sevgan ovqatni birgalikda tayyorlash”, “Oila davrasida koʻramiz”, “Borligingiz uchun rahmat!” kabi ruhiy-maʼnaviy tadbirlar ham alohida ahamiyatga ega. Ushbu tashabbuslar oila aʼzolari oʻrtasida mehr-muhabbatni kuchaytirish, bir-birini qadrlash, ota-onaga hurmat va farzandlarga eʼtiborni yanada oshirishga xizmat qiladi.
Sogʻlom oila — sogʻlom jamiyat asosi. Shu bois, Xalqaro oila kuni munosabati bilan sport tadbirlari, oilaviy yurishlar, marafonlar, stol tennisi, shaxmat, shashka va yengil atletika boʻyicha musobaqalar oʻtkazish ham dolzarbdir. Bunday tadbirlar oila aʼzolarini sogʻlom turmush tarziga jalb etish, avlodlar oʻrtasidagi yaqinlikni mustahkamlash va boʻsh vaqtni mazmunli tashkil etishga xizmat qiladi.
Xalqaro oila kuni munosabati bilan amalga oshiriladigan ushbu tadbirlar oilaviy qadriyatlarni ulugʻlash, farzand tarbiyasida ota-onaning masʼuliyatini oshirish, yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash, xotin-qizlar va onalarning jamiyatdagi oʻrnini yanada eʼtirof etish, shuningdek, mahallalarda ijtimoiy-maʼnaviy muhitni barqarorlashtirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi
Axborot xizmati
