Qarindoshlar nikohi: go‘daklar nolasiga qanday chidab yashaysiz?
2024-07-06 13:40:00 / Yangiliklar

Tibbiyot mutlaqo qarshi Sog‘liqni saqlash vazirligi maʼlumotiga ko‘ra, har yili qarindoshlar o‘rtasidagi nikohdan yuzlab nogiron bolalar dunyoga kelmoqda. Ularni davolanishi uchun davlat g‘aznasidan milliardlab pul sarflanadi. Mutaxassislarning taʼkidlashicha, bir-biriga begona bo‘lgan er-xotinning tug‘ilajak bolasiga qaraganda qarindoshlar o‘rtasida tug‘iladigan go‘dakda irsiy kasallik xavfi 3-4 baravar ko‘pligi va turli nuqsonlar kuzatiladi. Xastaliklar bolaning yoshligida bilinmay, vaqt o‘tishi bilan yuzaga chiqishi ham mumkin. Tahlillar natijasiga eʼtibor bersak, tug‘ma nuqson va irsiy kasalliklar bilan tug‘ilgan bolalarning 9,7 foizini yaqin qarindoshlar nikohidan dunyoga kelgan chaqaloqlar tashkil etadi. Bu ko‘rsatkich Surxondaryo viloyatida 31,6 foizni, Qashqadaryo viloyatida 26,0 foizni, Sirdaryo viloyatida 13,0 foizni, Andijon viloyatida 12,0 foizni, Samarqand viloyatida 10,3 foizni, Buxoro viloyatida 10,1 foizni tashkil qiladi.
Xorijiy tajribani o‘rganish muhim Qarindoshlar o‘rtasidagi nikohni ayrim xorijiy davlatlar qonun bilan mutlaqo chegaralab qo‘ygan. Xususan, Janubiy Koreyaning Fuqarolik kodeksiga binoan qarindoshlar o‘rtasida nikoh tuzishni taqiqlovchi moddalari keltirilgan. Tomonlar nikoh tuzish uchun Koreya Adliya vazirligiga qarashli hududiy maʼlumotlarni qayd qilish ofisi (County Recorder‘s office)ga murojaat qilishadi. Ushbu davlat organi tomonlarning arizasini o‘rganib chiqib, qonunda belgilangan cheklovlar, yaʼni qarindoshlik holatlari aniqlanmasa, nikoh tuzishga ruxsat beradi. Shuningdek, AQSHning ayrim nasl-nasab shajarasi bo‘yicha to‘g‘ri tutashgan qarindoshlar, tug‘ishgan va o‘gay aka-ukalar bilan opa-singillar o‘rtasidagi nikohlar taqiqlangan. Shveysariya, Buyuk Britaniya, Ozarbayjon kabi davlatlarda ham rasman qarindoshlar o‘rtasidagi nikohlarga ruxsat yo‘q.
Nima qilish kerak? Qarindoshlar o‘rtasidagi nikohning salbiy oqibati, faqatgina nogiron farzandning tug‘ilishi emas, uning ortida butun bir jamiyatning aziyat chekishi bilan bog‘liq holatlar mavjud.
Oilaviy ajralishlarning ortishi, onaning bir umr nogiron farzandiga bog‘lanib qolishi, ruhiy jarohatlar, jamiyatga davlatga nisbatan norozilik kayfiyatining shakllanishi kabilar zanjir misol bir-biriga bog‘lanib boraveradi. Afsuski, mol-mulkimga begona egalik qilmasin, qarindoshlik rishtalari mustahakam bo‘lsin, degan maqsadda tuzilayotgan nikohlar, aksincha aks-sado bermoqda. Ota-onalar o‘z farzandlarini, ayniqsa qizlarini baxtsiz qilib qo‘yishmoqda. “Taqdiri shu ekan-da, peshonasiga yozilgani-da” deb o‘z-o‘zini ovutishi mumkin. Ammo shu kechmishga o‘zlari sababchi bo‘lib qolayotganini anglayotganlar kam. Bu bo‘yicha olib borilayotgan targ‘ibotlar afsuski, hech qanday samara bermayapti. Aksincha, nogiron go‘daklar tug‘ilishi ko‘rsatkichi ortmoqda. Buning oldini olish uchun qonun bilan cheklov qo‘yilsagina qandaydir natijaga erishish mumkin, xolos.
Tug‘ma nuqson va irsiy kasalliklar bilan tug‘ilgan bolalarning 9,7 foizini yaqin qarindoshlar nikohidan dunyoga kelgan.
Nilufar YUNUSOVA, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi mutaxassisi.
