Har bir ayol va bola - davlat himoyasida
2026-04-20 15:25:00 / Yangiliklar

Soʻnggi yillarda mamlakatimizda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularni har qanday tazyiq va zoʻravonlikdan asrash davlat siyosati darajasiga koʻtarildi. Bu borada qabul qilinayotgan huquqiy hujjatlar, jumladan Prezidentimizning 2026-yil 3-martdagi PF-33-sonli Farmoni mazkur yoʻnalishdagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqdi.
Mazkur Farmon nafaqat zoʻravonlik holatlariga qarshi kurashish, balki uning oldini olish, erta ogohlantirish va jabrlanganlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashning aniq mexanizmlarini belgilab berdi. Eng muhimi, bu hujjat orqali jamiyatda “zoʻravonlikka toqat qilish mumkin emas” degan qatʼiy pozitsiya mustahkamlanmoqda.
Tahlillar shuni koʻrsatmoqdaki, zoʻravonlik holatlarining aksariyati oilaviy muhitda sodir boʻladi. Bu esa masalaning nafaqat huquqiy, balki ijtimoiy-maʼnaviy jihatdan ham dolzarb ekanini anglatadi. Shu bois Farmonda oilalarda sogʻlom muhitni shakllantirish, oʻzaro hurmat va masʼuliyatni kuchaytirish, xotin-qizlarning ijtimoiy himoyasini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilgan.
Viloyatimizda ham mazkur Farmon ijrosini taʼminlash boʻyicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, har bir mahallada “himoya orderi” asosida ehtiyojmand va xavf guruhiga kiruvchi xotin-qizlar bilan manzilli ish olib borilmoqda. Zoʻravonlikka uchragan ayollarga huquqiy, psixologik va ijtimoiy yordam koʻrsatish tizimi takomillashtirilmoqda. Shu maqsadda tashkil etilgan Respublika ishchi guruhi ayni kunlarda viloyatimizda vaziyatni oʻrganmoqda, hududlar, tumanlar, mahallalar kesimida uchrashuvlar, seminarlar tashkil etilmoqda, huquqiy targʻibot tadbirlari viloyatimizning olis chekka hududlarida ham olib borilmoqda. Huquqiy profilaktik tadbirlar xotin - qizlarning bu boradagi bilimlarini oshirishda, oilada va jamiyatda oʻrnini topishda yordam beradi va tazyiq yoki zoʻravonlikka duch kelganda nima nima qilish lozimligi, kimga murojaat qilib, yordam olishi mumkinligini anglab olishiga yordam beradi.
Shu bois, profilaktika ishlariga alohida urgʻu berilmoqda. Taʼlim muassasalari, mehnat jamoalari va mahallalarda huquqiy tushuntirish ishlari, ochiq muloqotlar va targʻibot tadbirlari muntazam tashkil etilmoqda. Chunki muammoni bartaraf etishdan koʻra, uning oldini olish samaraliroqdir.
Alohida taʼkidlash joizki, zoʻravonlikka qarshi kurash faqat davlat idoralarining emas, balki butun jamiyatning vazifasidir. Har bir fuqaro befarq boʻlmasligi, har qanday noqonuniy holatga nisbatan murosasiz munosabat bildirishi lozim. Zero, jimlik - zoʻravonlikka sheriklikdir.
Shuningdek, ushbu farmonda xotin-qizlarni himoya qilish bilan birga, ularning hayotiga bevosita taʼsir qiluvchi qator muhim yoʻnalishlar ham qamrab olingan.
Jumladan: nikoh yoshiga oid talablar va imtiyozlar, erta turmush holatlarining oldini olish, qizlarning taʼlim olishini davom ettirishiga sharoit yaratish, oliy taʼlimda xotin-qizlar uchun qoʻshimcha imkoniyat va imtiyozlarni kengaytirish, maktabdan keyingi taʼlim va kasbga yoʻnaltirish ishlarini kuchaytirish, mahallalarda xotin-qizlar bilan manzilli ishlash tizimini takomillashtirish va shu kabi muhim masalalar.
Farmon mazmuni shundan dalolat beradiki, ayollar masalasi faqat ijtimoiy emas, balki strategik ahamiyatga ega yoʻnalish sifatida qaralmoqda.
Xotin-qizlarni himoya qilish - bu kelajakni himoya qilish demakdir. Zero, sogʻlom va baxtli ayol - sogʻlom oila, sogʻlom jamiyat poydevoridir. Shu nuqtai nazardan, PF-33-sonli Farmon ijrosini taʼminlash, uning mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazish va hayotga tatbiq etish barchamizning ustuvor vazifamiz boʻlib qolmoqda.
M.Mamadiyarova
Navoiy viloyat hokimi oʻrinbosari - Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig`i
