Xotin-qizlar murojaatlari bilan ishlashda manzilli yondashuv kuchaytirilmoqda
2026-04-16 11:45:00 / Yangiliklar

Mazkur yig‘ilishda xotin-qizlar murojaatlari bilan ishlash sifati va natijadorligini oshirish, aholi bilan manzilli ishlash tizimini yanada kuchaytirish, joylarda olib borilayotgan amaliy ishlar samaradorligini tahlil qilishga qaratilgan muhim masalalar muhokama qilindi.
Xususan, kun tartibida 2026-yilning 1-choragi davomida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash sifati va natijadorligi, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 13-mart kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida berilgan topshiriqlar ijrosi asosida mahallalarda o‘tkazilayotgan sayyor qabullar natijadorligi masalalari ko‘rib chiqildi.
Yig‘ilish davomida hududlar bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqot o‘rnatilib, tuman va shahar hokimlari o‘rinbosarlari — oila va xotin-qizlar bo‘limlari boshliqlarining jismoniy va yuridik shaxslar qabullarini tashkil etish borasidagi faoliyati yuzasidan hisobotlari eshitildi.
Ta’kidlanganidek, bugun aholi murojaatlari bilan ishlash, ayniqsa, xotin-qizlarning dardi, muammosi va takliflariga quloq tutish, ularni joyida hal etish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan. Shu ma’noda, mazkur yig‘ilish joylardagi mas’ul rahbarlar faoliyatini tanqidiy-tahliliy ruhda ko‘rib chiqish, mavjud muammolarni aniqlash hamda ularning samarali yechimlarini belgilashda muhim ahamiyat kasb etdi.
Eng muhimi, bunday ochiq va amaliy muloqotlar xalq bilan yaqin ishlash, murojaatlarga befarq bo‘lmaslik, har bir masalaga mas’uliyat bilan yondashish tamoyilini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.


