Ayolning iqtisodiy faolligi ortgan sari oila mustahkamlanadi, farovonlik oshadi, jamiyat taraqqiyoti esa yanada jadallashadi Tadbirkor ayollarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan grant tanlovi g‘oliblari taqdirlandi
2026-04-10 13:30:00 / Yangiliklar

Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad — xotin-qizlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash, ularning biznes tashabbuslarini rag‘batlantirish, moliyaviy va raqamli imkoniyatlarini kengaytirish, shuningdek, jamiyatda faol, tashabbuskor va iqtisodiy mustaqil ayollar safini yanada kengaytirishdan iborat. Shu bilan birga, ushbu loyiha ayollarning zamonaviy bilim va ko‘nikmalar asosida o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘yishi, yangi ish o‘rinlari yaratishi hamda oilalar farovonligini ta’minlashga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
Mazkur tadbirda Bosh vazir o‘rinbosari — Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayho Maxkamova ishtirok etib, g‘oliblarni tabrikladi va ularga muvaffaqiyat tiladi.
Bosh vazir o‘rinbosari o‘z so‘zida mamlakatimizda xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar, «Hamroh» kompaniyasining hududlardagi faoliyati, shuningdek, ayollarni kasb-hunar, biznes va innovasion yo‘nalishlarga keng jalb etish borasidagi amaliy ishlarni alohida e’tirof etdi.
Qayd etilganidek, bugungi kunda ayollar nafaqat oila tayanchi, balki iqtisodiy taraqqiyot, bandlikni ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirish va hududlarni rivojlantirishda ham muhim kuchga aylanmoqda. Ayniqsa, grantlar, imtiyozli kreditlar va manzilli loyihalar orqali minglab xotin-qizlarning o‘z biznesini boshlayotgani bu yo‘nalishdagi ishlarning amaliy samarasini ko‘rsatmoqda.
Mazkur tadbir ana shu ezgu sa’y-harakatlarning izchil davomi bo‘lib, tadbirkor ayollarni qo‘llab-quvvatlash, ularning tashabbuslarini ro‘yobga chiqarish va yangi muvaffaqiyatlar sari ruhlantirishga xizmat qildi. Zero, ayolning iqtisodiy faolligi ortgan sari oila mustahkamlanadi, farovonlik oshadi, jamiyat taraqqiyoti esa yanada jadallashadi.









