Ayollar va bolalarga nisbatan tazyiq va zo'ravonlikni oldini olish bo'yicha amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi
2026-03-30 18:15:00 / Yangiliklar

Yig‘ilish kun tartibiga kiritilgan masalalar yuzasidan mas’ul rahbar va mutaxassislarning axborotlari eshitildi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026 yil 3 martdagi PF–33-son Farmoni ijrosi doirasida xotin-qizlar va bolalar huquqlarini himoya qilish, tazyiq va zo‘ravonlikning oldini olish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar tahlil qilindi. Shu bilan birga, voyaga yetmagan bolalar ta’minoti uchun aliment undirish va to‘lash tizimini takomillashtirish borasida ko‘rilayotgan chora-tadbirlar, “Ijro.ros.uz” tizimi orqali ijro intizomi holati, shuningdek, “O‘zbekiston — 2030” strategiyasi hamda joriy yilgi davlat dasturida belgilangan vazifalar ijrosi ko‘rib chiqildi.
Yig‘ilishda, ayniqsa, qizlar bilan ishlash tizimini yangi yondashuvlar asosida tashkil etish, bu borada manzilli ishlarni kuchaytirish, hududlardagi faoliyatni aniq natijaga yo‘naltirish, mas’ullarning shaxsiy javobgarligini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, har bir topshiriqning mazmun-mohiyatini joylarda to‘liq anglatish, ijroni quyi bo‘g‘inlargacha samarali yetkazish va nazoratni kuchaytirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilandi.
“Har bir vazifa ortida inson taqdiri, oila farovonligi, xotin-qizlar va bolalar manfaati turibdi. Shu bois har bir masalaga rasmiy hisobot uchun emas, amaliy natija uchun yondashishimiz, ijroni esa qat’iy nazorat va yuksak mas’uliyat bilan ta’minlashimiz shart”, — dedi Zulayho Maxkamova.
Yig‘ilish yakunida mas’ullarga PF–33-son Farmon ijrosini yanada samarali tashkil etish, aliment tizimi bo‘yicha amaliy natijadorlikni oshirish, ijro intizomini mustahkamlash, “O‘zbekiston — 2030” strategiyasi doirasidagi vazifalarni o‘z vaqtida va sifatli bajarish, shuningdek, qizlar bilan ishlash tizimini zamonaviy yondashuvlar asosida tashkil etish yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berildi.








