“O‘zbekistonda xotin-qizlar huquqlarini himoya qilishda islom dini qadriyatlarining o‘rni” mavzusida xalqaro seminar bo‘lib o‘tdi
2026-03-24 17:50:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston hukumati va Misrning Al-Azhar universiteti vakillari o‘rtasida ikki tomonlama hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Ushbu hamkorlikning davomi sifatida bugun BMTning Aholishunoslik jamg‘armasi (UNFPA) hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati o‘rtasidagi Hamkorlik yo‘l xaritasi doirasidagi majburiyatlarga muvofiq, Al-Azhar universitetining yetakchi professor-o‘qituvchilari ishtirokida ikkinchi seminar tashkil etildi.
Ushbu seminar imomlar, otinoyilar, mahalla vakillari va boshqa tegishli tomonlarni milliy darajada tajriba almashish hamda salohiyatni oshirish dasturi doirasida birlashtirdi. Tashabbus O‘zbekistonning shu kungacha erishgan yutuqlariga tayanib, diniy muassasalar, jamoa tuzilmalari hamda davlat organlari o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish orqali genderga sezgir, din asosidagi targ‘ibot va amaliyotni institutsionallashtirishga xizmat qiladi.
Seminar O‘zbekiston hukumati vakillari, vazirlik va idoralar hamda diniy muassasalarning mas’ul rahbarlari, yuqori lavozimli vakillari va Al-Azhar universiteti vakillari ishtirokidagi ochilish tadbiri bilan boshlandi. Shundan so‘ng Toshkent shahrida imomlar, otinoyilar, mahalla vakillari, tegishli muassasalar hamda akademik doiralar vakillari uchun, shu jumladan onlayn formatda ham, 3 kunlik interaktiv trening-seminar boshlandi.
Tadbir ekspert taqdimotlari, muhokamalar, amaliy mashqlar va harakatlar rejasini ishlab chiqish jarayonlarini o‘z ichiga oladi. Asosiy e’tibor umumiy yondashuv va xabarlarni shakllantirish, amaliy maslahat berish va kommunikatsiya ko‘nikmalarini rivojlantirish, shuningdek, diniy muassasalar, mahalla tuzilmalari va davlat tashkilotlari o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirishga qaratiladi.









