Xotin-qizlarning ijtimoiy muammolari bo‘yicha idoralararo hamkorlikni kuchaytirishga qaratilgan uch kunlik tadbir yakunlandi
2026-03-04 18:10:00 / Yangiliklar

Mazkur tadbir Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi tashabbusi bilan BMTning O‘zbekistondagi Aholishunoslik jamg‘armasi (UNFPA) hamkorligida hamda Buyuk Britaniya hukumati ko‘magida tashkil etildi. Tadbirda BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori Sabine Mahl xonim, BMT Aholishunoslik jamg‘armasining (UNFPA) O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Nigina Abboszoda, shuningdek, qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Umida Abdullayeva ishtirok etdi.
Tadbirning asosiy maqsadi xotin-qizlarning ijtimoiy-iqtisodiy muammolari, jumladan, tazyiq va zo‘ravonlik holatlariga samarali javob qaytarish tizimida idoralararo hamkorlikni kuchaytirish, ustuvor muammolarni aniqlash, ma’lumot almashinuvi va mas’uliyat taqsimotini yanada aniq belgilash, shuningdek, hududiy bo‘g‘inlarda tezkor va muvofiqlashtirilgan yondashuvni shakllantirishdan iborat bo‘ldi.
2–3-mart kunlari o‘tgan ishchi uchrashuvlarda Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, Hisob palatasi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Ichki ishlar vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, O‘zbekiston Mahallalari uyushmasi hamda hududlardan tuman va mahalla darajasida faoliyat yurituvchi mutaxassislar ishtirok etdi. Jami 90 nafar ishtirokchini qamrab olgan muhokamalarda holatlarni aniqlash va xavfni baholash, idoralararo hamkorlik ssenariylari, axborot almashinuvi hamda mas’uliyat taqsimoti bo‘yicha masalalar atroflicha ko‘rib chiqildi. Shuningdek, keys-simulyatsiya asosidagi amaliy mashg‘ulotlar orqali idoralararo hamkorlik mexanizmlari amaliyotda sinovdan o‘tkazildi.
4-mart kuni tadbir yakuni sifatida yuqori darajadagi davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Unda Hisob palatasi, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Ichki ishlar vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda O‘zbekiston Mahallalari uyushmasi rahbariyati vakillari, shuningdek, BMTning O‘zbekistondagi Doimiy koordinatori ofisi va UNFPA vakillari ishtirok etdi. Davra suhbatida ishchi guruhlar tomonidan ishlab chiqilgan tavsiyalar taqdim etilib, idoralararo muvofiqlashtirish mexanizmlarini yanada takomillashtirish masalalari muhokama qilindi.
Tadbir yakunida idoralararo hamkorlikni samarali yo‘lga qo‘yishga qaratilgan amaliy tavsiyalar, takliflar va muvofiqlashtiruvchi mexanizmlar bo‘yicha yo‘l xaritasi loyihasi ishlab chiqildi. Xususan, mahalla va tuman darajasida ishlovchi mutaxassislar uchun aniq harakatlar algoritmi, xavfni baholash bo‘yicha yagona yondashuv hamda tezkor javob choralarini kuchaytirishga doir takliflar shakllantirildi.









