15-fevraldan 15-martga qadar mamlakatimizda “Ayol baxtli bo‘lsa, jamiyat baxtlidir!” shiori ostida “Ayollarni e’zozlash” oyligi o‘tkazilmoqda
2026-02-25 13:20:00 / Matbuot anjumanlari va brifinglar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Mamlakat taraqqiyotining 2030-yilgacha mo‘ljallangan ustuvor yo‘nalishlari doirasida islohotlarni izchil davom ettirish va yangi bosqichga olib chiqishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonida oilani mustahkamlash masalalari ustuvor vazifa sifatida belgilangan.
Xususan, «O‘zbekiston – 2030» strategiyasidagi 25-maqsad ham avvalda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan bo‘lsa, mazkur maqsadga oilani va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash mazmunidagi o‘zgartish kiritilgani ham oilaning jamiyat hayotidagi o‘rni yanada yuksalganining belgisidir.
Yangi maqsadlar qatorida quyidagi dolzarb vazifalar belgilandi:
— yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash bo‘yicha o‘quv kurslariga jalb etishni joriy yilda 50 foizga oshirish va 2030 yilga qadar 80 foizini qamrab olish;
— Oila va xotin-qizlar maskanlarida ko‘rsatiladigan xizmatlarni 40 foizdan 60 foizga ko‘tarish;
— xotin-qizlarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish, raqamli savodxonlikni oshirish, manzilli qo‘llab-quvvatlash orqali xotin-qizlarni ehtiyojmandlikdan chiqarish kabi 11 ta maqsadli ko‘rsatkich bo‘yicha vazifalar belgilab berildi.
Yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, avvalo, oila institutini mustahkamlash, ayollarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, bandligini ta’minlash hamda munosib turmush sharoitini yaratishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Bu borada qator amaliy harakatlar olib borilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli majlis bayoniga muvofiq, 8 mart — «Xalqaro xotin-qizlar kuni» munosabati bilan joriy yil 15-fevraldan 15-martga qadar mamlakatimiz bo‘ylab «Ayol baxtli bo‘lsa, jamiyat baxtlidir!» shiori ostida «Ayollarni e’zozlash» oyligini o‘tkazish belgilangan.
Mazkur oylik doirasida xotin-qizlarning ijtimoiy-iqtisodiy va ma’naviy salohiyatini yuksaltirish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, fidoyi va ibratli ayollarni e’tirof etishga qaratilgan keng qamrovli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, mahallalarda xotin-qizlar bilan manzilli ishlash, ularning muammolarini barvaqt aniqlash va hal etish, huquqiy, tibbiy va ijtimoiy ko‘mak ko‘rsatish, nuroniy onaxonlar, ehtiyojmand va ijtimoiy himoyaga muhtoj ayollarni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shuningdek, madaniy-ma’rifiy tadbirlar, ochiq muloqotlar, davra suhbatlari, sport musobaqalari, kitobxonlik aksiyalari va targ‘ibot ishlari orqali xotin-qizlarning jamiyat hayotidagi o‘rni va faolligi yanada mustahkamlanmoqda.
Eng muhim yo‘nalishlardan biri sifatida «Erta aniqlа — hayotni saqla» shiori ostida ayollar salomatligini asrash, xavfli kasalliklarni erta aniqlashga qaratilgan skrining tekshiruvlarini tashkil etish esa e’zozning eng amaliy ko‘rinishidir: ayol salomat bo‘lsa, oila ham, jamiyat ham bardavom bo‘ladi.
Shu bilan birga, oylik doirasida nuroniy onaxonlar uchun muzeylar, tarixiy maskanlar, ziyoratgoh va qadamjolarga sayohatlar, uzoq yillar fidoyilik bilan mehnat qilgan ayollar ishtirokida «Matonat timsollari» mavzusidagi uchrashuvlar o‘tkaziladi.
«O‘zbekiston — umumiy uyimiz» shiori ostidagi tadbirlar esa turli millat vakillari bo‘lgan xotin-qizlarning madaniy uyg‘unligi, bag‘rikengligi va hamjihatligini kuchaytiradi. Turli sport musobaqalari, badiiy va hujjatli namoyishlar, mahallalardagi kitobxonlik uchrashuvlari — bularning barchasi ayolning jamiyat hayotidagi o‘rnini yanada mustahkamlashga xizmat qilishi shubhasiz.
Fidoyi va ibratli ayollarning bir guruhini «Mo‘tabar ayol» ko‘krak nishoni bilan taqdirlash marosimlari, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindorlari bilan motivatsion uchrashuvlar xotin-qizlar mehnatini qadrlash, iqtidorini e’tirof etish, yosh avlodni ruhlantirishga xizmat qiladi.
Xotin-qizlarning iqtisodiy mustaqilligini ta’minlash, ularni doimiy daromad manbaiga ega qilish davlat siyosatida alohida ahamiyat kasb etmoqda. Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 23 iyuldagi 462-son qaroriga muvofiq Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan «Eng yaxshi ijtimoiy loyihalar» tanlovi e’lon qilingan edi. Tanlov «Ayollar daftari»ga kiritilgan xotin-qizlarning bandligi va ijtimoiy faolligini ta’minlashga qaratilgan loyihalarni moliyalashtirish maqsadida tashkil etilgan bo‘lib, doimiy ish o‘rinlari yaratish, tadbirkorlikka jalb etish, kasb-hunarga o‘qitish, jumladan, zamonaviy sohalarga tayyorlash hamda ehtiyojmand ayollarning hayot sifatini oshirishga xizmat qiladi.
Joriy holatga ko‘ra, maxsus elektron platforma orqali mahalla xotin-qizlar faollari tomonidan 25 mingdan ortiq ijtimoiy loyiha joylashtirilgan bo‘lib, ulardan 21 mingdan ziyodi belgilangan tartibda rasmiylashtirilib, komissiyalarga taqdim etilgan. Ayni paytda tanlovning ikkinchi bosqichi — tuman (shahar) komissiyalari tomonidan baholash ishlari olib borilmoqda.
Tanlov g‘oliblari 8 mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni arafasida tantanali ravishda e’lon qilinib, ularga belgilangan tartibda ijtimoiy yordamlar, asbob-uskunа va jihozlar ajratiladi. Bu esa xotin-qizlarning o‘z biznesini yo‘lga qo‘yishi, daromad manbaiga ega bo‘lishi va ijtimoiy faolligini oshirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, qo‘mita tashabbusi bilan mamlakatimiz mahallalarida xotin-qizlarning iqtisodiy faolligini oshirish, ularni tadbirkorlikka yo‘naltirishga qaratilgan «Bir qadamda — ming imkoniyat» loyihasiga start berildi.
Loyiha doirasida fevral–mart oylarida respublika bo‘yicha 9 008 ta mahallada xotin-qizlar ishtirokida uchrashuvlar tashkil etiladi. Uchrashuvlar joriy yilning 9 fevral kunidan boshlangan bo‘lib, ular xotin-qizlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, tadbirkorlik tashabbuslarini rag‘batlantirish va mahallabay ishlash tizimi orqali amaliy yordam ko‘rsatishga xizmat qiladi.
Uchrashuvlar davomida malakali psixologlar tomonidan motivatsion ma’ruzalar o‘qiladi, muvaffaqiyatli tadbirkor ayollar o‘z tajribasi bilan o‘rtoqlashadi. Shuningdek, ish boshlash istagidagi xotin-qizlar tajribali tadbirkorlarga biriktirilib, «ustoz–shogird» an’anasi asosida yo‘l-yo‘riq ko‘rsatiladi.
Mahallabay ishlash tizimi orqali minglab ishsiz xotin-qizlar kasb-hunarga yo‘naltirilib, ularning iqtisodiy mustaqilligi va oila daromadlarini oshirishga zamin yaratiladi.
15-fevraldan 15-martga qadar «Ayol baxtli bo‘lsa, jamiyat baxtlidir!» shiori ostida o‘tkazilayotgan «Ayollarni e’zozlash» oyligi tadbirlarida hamda ijtimoiy loyihalarda faol ishtirok eting!
