Qohirada xorijiy talabalar ta’limini rivojlantirish markazi faoliyati bilan tanishildi
2026-02-03 12:45:00 / Yangiliklar
Bosh vazir o‘rinbosari — Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayho Maxkamova Misr Arab Respublikasining Qohira shahrida Al-Azhar majmuasi huzuridagi “Xorijiy talabalar ta’limini rivojlantirish markazi” (CDEIS) faoliyati bilan tanishdi. Tashrif davomida Misrda tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalarning ta’lim jarayoni hamda ular uchun yaratilgan shart-sharoitlar atroflicha o‘rganildi.

Markaz rahbariyati tomonidan CDEISning asosiy faoliyat yo‘nalishlari, xorijiy talabalar uchun mo‘ljallangan ta’lim dasturlari, zamonaviy o‘quv-uslubiy ta’minot, shuningdek, talabalar yashashi va ularning ijtimoiy moslashuvi uchun yaratilgan imkoniyatlar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Shuningdek, Misr Arab Respublikasida tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar bilan uchrashuv o‘tkazilib, ularning ta’lim jarayoni, yashash sharoitlari, ilmiy izlanishlari, shuningdek, duch kelayotgan muammo va takliflari tinglandi.
Uchrashuv yakunida Zulayho Maxkamova yoshlarning sifatli ta’lim olishini ta’minlash, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanini ta’kidladi. Shuningdek, chet elda tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar uchun “O‘zbekiston muzeyi”ni tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.



