Oilaning ahil va tinchligi mahallaning tinchligi va jamiyatimizning hamjihatligini taʼminlashda muhim omil
2026-01-22 11:30:00 / Yangiliklar

O‘zaro muloqot ruhida o‘tgan yig‘ilishda Prezidentimizning “Respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish yo‘nalishida yaxlit manzilli ishlash tizimini joriy etishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2026 yil 5 yanvardagi PQ-1-son qarori ijrosini taʼminlash, mahallalarda xavfsiz muhitni yaratishda manzilli va yaxlit ishlash tizimini takomillashtirish; oila-turmushmunosabatlari doirasida hamda ayollar va yoshlar tomonidan sodir etilayotgan jinoyatlarning asl omillarini tahlil qilish, sabab bo‘luvchi omillarning barvaqt oldini olish; ayollar jinoyatchiligi, spirtli ichimlik va giyohvandlikka ruju qo‘ygan shaxslar jinoyatchiligi hamda nizoli oilalar salmog‘i eng yuqori bo‘lgan mahallalarda amalga oshiriladigan ishlar bo‘yicha tegishli topshiriqlar berildi, o‘zaro hamkorlikdagi ishlar bo‘yicha taklif va tavsiyalar bildirildi.
O‘z navbatida har bir mahalla, oilalar bilan ishlash masalalari muhokama qilindi. Xususan, oila mustahkamligi, nizolarning oldini olish, yoshlarni oilaviy hayotga ongli tayyorlashda sud, FHDYO, ijro hokimiyati va jamoatchilik hamkorligini kuchaytirish; erta tug‘ruq va erta nikoh holatlarining oldini olish, qizlar o‘rtasida salbiy holatlarga qarshi profilaktikani kuchaytirish, oila–taʼlim–tibbiyot hamkorligini yana-da mustahkamlash, taʼlim muassasalarida “Salomatlik volontyorlari” tizimi natijadorligini oshirish.
Bosh vazir o‘rinbosari Z.Maxkamova tomonidan taʼkidlanganidek, Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasida belgilab berilgan ustuvor vazifalar ijrosi sifatida 2026 yilning “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb eʼlon qilinishi Yangi O‘zbekiston taraqqiyotida yangi davrni boshlab beradi.
Jamiyatni yuksaltirish haqida gap ketganda, Murojaatnomada alohida qayd etilgan ayollar baxti va raqamli texnologiyalarni joriy etish masalasi 2026 yil dasturining o‘zagini tashkil etadi. Yurtboshimiz aytganlaridek, “Ayolni rozi qilsak, oila rozi bo‘ladi, oila rozi bo‘lsa — jamiyat rozi bo‘ladi”. Ayolga ko‘rsatilgan har qanday yordam oila farovonligi uchun xizmat qiladi.
Oilalar tinchligi va farovonligi, mahallaning obodligi, barqarorligi Yangi O‘zbekistonning poydevorini yana-da mustahkam qiladi. Bu ezgu maqsad yo‘lida birlashish va mahallani chinakam xalqchil tuzilmaga aylantirish farovon kelajak va yuksak taraqqiyotning ishonchli kafolatidir.






