Huquq, himoya va mas’uliyat: xotin-qizlar va bolalar manfaatlari e’tiborda
2025-12-26 15:55:00 / Matbuot anjumanlari va brifinglar

Matbuot anjumanida “Inson huquqlari, shu jumladan xotin-qizlar va bolalarning huquq hamda erkinliklari himoyasini yanada kuchaytirish borasida tegishli davlat organlari tomonidan amalga oshirilgan ishlar hamda kelgusidagi ustuvor vazifalar” mavzusi muhokama markazida bo‘ldi.
Mazkur tadbirda Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Umida Abdullayeva ishtirok etib, so‘nggi yillarda xotin-qizlar va bolalar huquqlarini ta’minlash, ularni zo‘ravonlik va tazyiqlardan himoya qilish, ijtimoiy-huquqiy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini takomillashtirish borasida amalga oshirilgan tizimli ishlar haqida atroflicha ma’lumot berdi.
Ta’kidlanganidek, bugungi kunda xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha normativ-huquqiy baza izchil mustahkamlanib, joylarda huquqbuzarliklarning oldini olish, erta aniqlash va manzilli choralar ko‘rish mexanizmlari joriy etilmoqda. Jumladan, muammoli oilalar bilan individual ishlash, “Ayollar daftari” orqali ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, bolalar manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan idoralararo hamkorlik samaradorligi oshirilayotgani qayd etildi.
Matbuot anjumani davomida ommaviy axborot vositalari vakillarini qiziqtirgan dolzarb savollarga batafsil javoblar berilib, kelgusida inson huquqlarini ta’minlash, ayniqsa xotin-qizlar va bolalar huquqlarini ishonchli himoya qilish bo‘yicha amalga oshirilishi rejalashtirilgan chora-tadbirlar yuzasidan aniq tushuntirishlar berildi.
Tadbir yakunida mazkur yo‘nalishda davlat organlari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni yanada kuchaytirish, jamoatchilik va OAV bilan ochiq muloqotni kengaytirish inson huquqlarini ta’minlashning muhim omillaridan biri ekani alohida ta’kidlandi.





