“Ayol. Tarix. Tamaddun” kitobi taqdimoti
2025-11-04 15:35:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

“Koʻp tomonlama hamkorlik orqali gender tenglikni ilgari surish” sayd-iventi qatnashchilari!
Qadimiy va navqiron, Buyuk Ipak yoʻlining chorrahasi boʻlgan goʻzal Samarqand shahrida oʻtayotgan gʻoyat nufuzli anjumanga xush kelibsiz.
Vatanimiz necha yuz yillar mobaynida buyuk sivilizatsiya va madaniyat markazlaridan biri boʻlgan.
Ushbu zaminda dunyo tamadduniga beqiyos hissa qoʻshgan olimlar, mutafakkirlar va shoirlar yashab oʻtgan.
Hurmatli Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarliklarida davlatchiligimizning uch ming yillik tarixiy tajribasi, buyuk ajdodlarimizning ilmiy va madaniy meroslari asosida har tomonlama rivojlangan Yangi Oʻzbekiston barpo etilmoqda.
Mamlakatimiz oʻz taraqqiyotining yangi bosqichiga qadam qoʻyayotgan bugungi kunda biz uchun qadimiy tariximiz va madaniyatimizga oid yangi ilmiy manbalar, tadqiqotlar har qachongidan ham muhimdir.
“Ayol. Tarix. Tamaddun” kitob-albomida yurtparvarlik, maʼrifat va ezgulik timsoli boʻlgan ayollar siymosida tamaddunlarning davomiyligi yorqin aks etgan.
“Sharq uygʻonish” davrida taʼlim va maʼrifat eshiklarini ochgan;
“Buyuk sulolalar” davrida davlat ishlarida maslahatchi, sarkarda homiy sifatida faoliyat yuritgan;
“Xonliklar davri”da madrasa qurdirgan, kitobat va ilmni taraqqiy ettirgan ayollar — barchasi oʻz nomlarini tarix sahifalariga muhrlab ketganlar.
Hurmatli uchrashuv qatnashchilari!
Yettita boʻlimdan iborat, oʻzbek va ingliz tilida chop etilgan mazkur kitob-albom Yuneskoning tadbirlari doirasida taqdim etilayotganining oʻziga xos ramziy maʼnosi bor.
Unga asosan miloddan avvalgi VII asrdan boshlab XIX asrgacha boʻlgan davrlarda yashab oʻtgan, manbalari yetarlicha oʻrganilmagan tarixiy ayollar, YUNESKO mandatlariga hamohang boʻlgan Oʻzbekistondagi ayollar qadamjolari haqidagi maʼlumotlar jamlangan.
Kitobning birinchi - avlodlarni ilhomlantiruvchi onalar boʻlimida ayol zoti buyuklarni tarbiyalab, iqtidorini yuksaltirib, oʻzi ham buyuklik namunalariga aylana olgani;
- ayollar ilmiy-maʼrifiy va madaniy hayotning asosiy homiysi boʻlib, dunyo sivilizatsiyasiga hissa qoʻshgani ochib berilgan.
Ikkinchi – Ayollar jasorati boʻlimida onalik, qahramonlik, yurtparvarlik timsoli sifatidagi ayol obrazining qirralari koʻrsatilgan.
- onalik, hosildorlik ramzi – Umay ona;
- jasurlik va oqilalik ramzi – Barchin;
- Anaxitaning turkiy timsoli – Nana obrazlari yosh qizlarimizni jasoratga va ilm-maʼrifatga chorlab turishi bilan ahamiyatlidir.
Uchinchi - Muhtasham oʻzlik boʻlimida salohiyat va iqtidori bilan davlatchilikda muhim oʻrin tutgan 37 nafar ajdod ayollarimiz haqida maʼlumotlar aks etgan.
Massagetlar malikasi va sarkardasi, jasur ayol – Toʻmaris (Tomir xotun).
Buxoro xonligini 15 yil boshqargan sarkarda ayol – Qabaj xotun.
Amir Temurning rafiqasi, saroyda oliy yoʻlboshchi boʻlgan –Saroymulkxonim (Bibixonim);
Yevropa libos madaniyatiga “turk uslubi”ni olib kirgan turkiy malika – Chechak.
- Buyuk shoira, davlat arbobi, Qoʻqon xonligini 20 yildan ortiq boshqarishda faol ishtirok etgan – Mohlaroyim (Nodirabegim);
Qoraqalpoq xalq ogʻzaki ijodining namoyandasi – Qanimgul kabilar ayolning kuchi, zakovati va jasoratini koʻrsatib, tarixda qoldilar.
Toʻrtinchi - Ehtirom: ayollar qadamjolari boʻlimida Oʻzbekiston zaminida joylashgan ayollar nomlari bilan bogʻliq 19 ta ziyoratgoh, madrasa va maqbaralar, vaqfiya ayollar tashabbusi va kapitali evaziga qurilgan inshootlar haqidagi maʼlumotlar aks etgan.
Onasi uchun madrasa, qiz farzandi uchun shahar qurdirish, muqaddas manzil yoki obyektni ona, ayol nomi bilan atash tarixda kamdan-kam xalqlarda kuzatiladigan yuksak fazilat ekani eʼtirof etilgan.
“Katta Qirqqiz qalʼa” yodgorligi;
“Uvaysiya” tariqati asoschisi Uvays al-Qaroniyning onasi nomi bilan bogʻliq “Bibi Naima ona” ziyoratgohi;
Abdullaxon II tomonidan ona zotiga mehr timsoli sifatida qurilgan Oʻrta Osiyo meʼmorchiligining yuksak namunalaridan biri – Modarixon madrasasi;
Buxoroda qizlar akademiyasi deb eʼtirof etilgan – Qizbibi majmuasi kabi madaniy obyektlar haqida zaruriy maʼlumotlar berilgan.
Beshinchi - ayollarning tarixiy unvonlari va maqomlari boʻlimida qadimdan turkiylar ayollarni qadrlagani, ayollar erkaklar bilan teng maqomda turgani ochib berilgan.
“Xotun” soʻzi turkiy tillarda “hurmatli ayol”, “hukmdorning rafiqasi”, “malika”, “ayol hukmdor” maʼnolarini anglatgan.
“Malika” maqomi – podshoh yoki amirning rafiqasiga, shohlarning qiz avlodlariga, “shohbonu” maqomi esa “podshoh ayoli” yoki “saroyning bosh ayoli” maʼnosida ishlatilgan.
Oltinchi - Martaba: tangalarga zarb etilgan siymolar boʻlimida qadimgi tangalarda ayol hukmdorlarning erkak hukmdorlar bilan teng tasvirlarini koʻrishimiz mumkin.
Ayol hukmdorning poytaxti “Xotinkent” va erkak hukmdorning poytaxti “Yobgʻukent” boʻlgan.
Yettinchi - ayollar haq-huquqlari va nikoh shartnomasi boʻlimida “Avesto” va Islom dinida aks etgan ayollar haq-huquqlari hamda mintaqamiz tarixida voqifalar (vaqf qiluvchi ayollar) kapitali boʻyicha qisqa maʼlumot berilgan.
Mehr Sulton xonim taʼsis qilgan vaqf mintaqada ayollarning eng yirik vaqf xayriyasi boʻlib, u Samarqanddagi Madrasai Oliyai Xoniya nomli madrasa majmuasining donatori sifatida tarixda qolgan. U 10 ga yaqin mavzelar, bogʻlar hamda 40 ga yaqin savdo-hunarmandchilik obyektlarini vaqf qilgan.
Qadimgi soʻgʻd yozma yodgorliklari orqali bizgacha yetib kelgan, bugungi kunda ham nihoyatda ahamiyatli boʻlib turgan nikoh shartnomasi Markaziy Osiyodagi eng qadimgi huquqiy hujjatlardan biri ekani, bu hujjatda ayol va erkakning mol-mulk, majburiyat va huquqlari haqida aniq yozilgani aks ettirilgan.
Hurmatli tadbir qatnashchilari!
“Ayol. Tarix. Tamaddun” kitobi tarix va kelajakni bogʻlovchi koʻprik, ayol zotining aqlu zakosi haqida avlodlarga xabarchi boʻla oladi.
U ayolning hududiy kengligi oilagina emas, balki boshqaruvda va barcha sohalarda ham beqiyos salohiyatga ega ekanligini ochib bera oladi.
Shuningdek, xotin-qizlarimizda jasorat, oqilalik, tashabbuskorlik fazilatlarini tarbiyalashda, mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotida faol ishtirok etishga jalb etishda muhim oʻrin tutadi va bugungi kundagi zamonaviy xavf-xatarlarga qarshi kurashishda “yumshoq kuch” vazifasini bajaradi.
Bu kitobning ikkinchi qismi davrlarga mos tarzda ilmiy manbalarni oʻrganish asosida davom ettiriladi.
Eʼtiboringiz uchun rahmat!
