Kumushkent mahallasida aholi bandligi va daromadlarini oshirish bo‘yicha manzilli ishlar davom etmoqda
2026-09-19 15:30:00 / Yangiliklar

Bugun Kumushkent mahallasida tuman shtabi mas’ul xodimlari ishtirokida ijtimoiy reestrda turgan hamda ishsiz fuqarolar bilan yuzma-yuz uchrashuv tashkil etildi.
Muloqot davomida fuqarolarning mavjud muammolari, bandlik holati va daromad manbalarini yaratish bo‘yicha takliflari o‘rganildi. Har bir murojaat individual yondashuv asosida ko‘rib chiqilib, fuqarolarni ish bilan ta’minlash, tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish hamda mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, fuqarolarga imtiyozli kreditlar, ssudalar va subsidiyalar asosida daromad keltiruvchi faoliyatni yo‘lga qo‘yish imkoniyatlari tushuntirildi. Ularning qiziqishi va imkoniyatidan kelib chiqib, chorvachilik, parrandachilik, hunarmandchilik, xizmat ko‘rsatish hamda boshqa yo‘nalishlarda faoliyat boshlash bo‘yicha amaliy takliflar bildirildi.
Uchrashuv yakunida aniqlangan muammolarni manzilli hal etish, fuqarolar bandligini ta’minlash va daromadlarini oshirish bo‘yicha mas’ullarga tegishli vazifalar belgilandi. Aholining har bir murojaatini joyida o‘rganish va amaliy yechimga yo‘naltirishga qaratilgan bunday uchrashuvlar boshqa mahallalarda ham izchil davom ettiriladi.
Tuman hokimligi axborot xizmati









