Ish izlagan — ish topdi, tadbirkorlikni ko‘zlagan — imkoniyatga ega bo‘ldi!
2026-09-19 14:30:00 / Yangiliklar

Bugun Vobkent tuman hokimligi hamda Xalq banki hamkorligidagi reja-jadval asosida Markaziy dehqon bozori avtoturargoh maydonida ishsiz fuqarolarni ish bilan ta’minlash, shuningdek, o‘z tadbirkorligini boshlash va kengaytirish istagidagi fuqarolar uchun arzonlashtirilgan imtiyozli kreditlar, ssudalar asosida xarid qilish mumkin bo‘lgan mini-texnologiyalar ko‘rgazmasi tashkil etildi.
Ko‘rgazmada tumandagi korxona, tashkilot va muassasalar o‘zlaridagi mavjud bo‘sh ish o‘rinlari bilan ishtirok etib, ish izlayotgan fuqarolarga munosib mehnat imkoniyatlarini taklif etdilar. Shu bilan birga, qishloq xo‘jaligi va qurilish sohalarida keng qo‘llaniladigan zamonaviy mini-texnologiyalar uzoq muddatli va arzonlashtirilgan imtiyozlar asosida namoyish etildi.
Tadbir davomida ish o‘rinlariga qiziqish bildirgan, mini-texnologiyalar xaridi orqali o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘yish yoki mavjud tadbirkorligini kengaytirish istagidagi yuzdan ortiq fuqarolarning murojaatlari joyida ko‘rib chiqilib, tegishli yechimlar belgilandi.
Xalq banki agentlari tomonidan fuqarolarga imtiyozli kredit va ssuda olish shartlari, tadbirkorlik faoliyatini boshlash hamda kengaytirishda bank bilan hamkorlik qilish imkoniyatlari yuzasidan batafsil ma’lumotlar berildi.
Tuman hokimligi axborot xizmati









