Maktablarda xavfsiz ta’lim muhitini ta’minlash — ustuvor vazifa
2026-09-17 18:00:00 / Majlislar

Vobkent tumani Ichki ishlar bo‘limi binosida umumta’lim maktablari direktorlari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi. Unda o‘quvchilar xavfsizligini ta’minlash, huquqbuzarlik va jinoyatlarning oldini olish, voyaga yetmaganlar o‘rtasida profilaktik ishlarni kuchaytirish hamda maktab–mahalla–huquq-tartibot idoralari hamkorligini yanada mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
Yig‘ilishning asosiy maqsadi — voyaga yetmaganlar bilan bog‘liq huquqbuzarliklarning oldini olishda barcha mas’ul tashkilotlarning o‘zaro hamkorligini kuchaytirish, muammolarni barvaqt aniqlash va ularning oldini olishga qaratilgan tizimli ishlarni yo‘lga qo‘yishdan iborat. O‘quvchilarning maktabga kelib-ketish vaqtida yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Shu maqsadda maktablar oldidagi piyodalar o‘tish joylarida har kuni ertalab soat 07:40 dan boshlab ko‘ngilli nazoratchilar navbatchiligini yo‘lga qo‘yish belgilandi.
Mazkur navbatchilik ko‘ngillilik asosida, farzandlarimiz xavfsizligi uchun jamoatchilik tashabbusi bilan tashkil etilmoqda. Maxsus jilet va jezllar bilan xizmat olib borayotgan ko‘ngilli nazoratchilar o‘quvchilarning yo‘lni xavfsiz kesib o‘tishiga ko‘maklashmoqda. Farzandlarimiz xavfsizligi uchun o‘z vaqtini ayamay, ushbu ezgu tashabbusda ishtirok etayotgan ko‘ngilli nazoratchilarga alohida minnatdorlik bildiramiz.
Shuningdek, o‘quvchilarning mototransport vositalarini boshqarishi bilan bog‘liq xavflarga alohida urg‘u berildi. Tuman IIB tomonidan maktab jamoalari bilan hamkorlikda voyaga yetmaganlarning turli mototransport vositalarini boshqarishi og‘ir oqibatlarga olib kelishi, shuningdek, belgilangan tartib va talablarni buzish qonuniy javobgarlikka sabab bo‘lishi mumkinligi yuzasidan o‘quvchilar va ota-onalar o‘rtasida tushuntirish-targ‘ibot ishlarini kuchaytirish zarurligi qayd etildi. Shu bois Ichki ishlar bo‘limi pedagoglarni mazkur yo‘nalishdagi profilaktik tadbirlarda faol hamkorlik qilishga chaqirdi. Sinf rahbarlari, maktab ma’muriyati va profilaktika inspektorlari hamkorligida o‘quvchilar hamda ota-onalarga yo‘l harakati va xavfsizlik qoidalariga rioya etish, mototransport vositalaridan foydalanish bilan bog‘liq xavf va mas’uliyatni tushuntirish bo‘yicha targ‘ibot ishlarini muntazam olib borish muhimligi ta’kidlandi.
Yig‘ilishda o‘quvchilar o‘rtasida o‘g‘rilik va boshqa huquqbuzarliklarning oldini olish, ularning sabab va omillarini o‘rganish, individual profilaktik ishlarni kuchaytirish bo‘yicha ham aniq vazifalar belgilandi.
O‘quvchilar davomatini doimiy nazorat qilish, sababsiz dars qoldirayotgan hamda uzoq muddat ta’limdan chetda qolayotgan voyaga yetmaganlarni aniqlash, ularni ta’limga qaytarish bo‘yicha amaliy choralar ko‘rish vazifasi yuklatildi.
Yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularni fan va sport to‘garaklariga keng jalb etish, qiziqish va qobiliyatlaridan kelib chiqib bandligini ta’minlash ham profilaktikaning muhim yo‘nalishi sifatida qayd etildi. Huquqbuzarlik sodir etishga moyil o‘quvchilar bilan manzilli profilaktik ishlarni kuchaytirish va tegishli ro‘yxatlarni 10 kun muddatda qayta shakllantirish belgilandi.
Yig‘ilishda «Telefonsiz maktab — xavfsiz ta’lim muhiti!» tamoyiliga ham alohida urg‘u berildi. Barcha maktablarda mazkur yo‘nalishdagi ishlarni tizimli tashkil etish, kirish qismlariga tegishli bannerlarni o‘rnatish hamda ota-onalar bilan belgilangan tartibda tushuntirish ishlarini olib borish bo‘yicha topshiriqlar berildi. Shu bilan birga, maktab ichi va atrofida, ayniqsa tanaffus vaqtlarida nazoratni kuchaytirish, o‘quvchilar o‘rtasidagi nizoli vaziyatlarni barvaqt aniqlash va ularning oldini olish, tan jarohati bilan bog‘liq holatlarga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha profilaktik choralarni kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi.
Yig‘ilish yakunida Vobkent tumanini jinoyatchilik va huquqbuzarliklardan xoli hududga aylantirish borasida maktablar, mahallalar, ichki ishlar organlari va boshqa mutasaddi tashkilotlar hamkorligini yangi bosqichga olib chiqish zarurligi qayd etildi. Bu borada pedagoglarning o‘quvchilar va ota-onalar o‘rtasidagi tushuntirish-targ‘ibot ishlaridagi faolligi muhim omil ekani ta’kidlandi.
Zero, xavfsiz ta’lim muhiti faqat bir tashkilotning emas, balki maktab, mahalla, ota-ona va huquq-tartibot idoralarining mushtarak sa’y-harakatlari bilan yaratiladi. Farzandlarimiz xavfsizligi va kelajagi yo‘lida hamjihatlikda harakat qilish — barchamizning umumiy mas’uliyatimiz.
Tuman hokimligi axborot xizmati




