Kambag‘allikni qisqartirishda mahallalar kesimida aniq vazifalar belgilandi
2026-09-11 11:00:00 / Majlislar

Bugun Vobkent tumani hokimligida kambag‘allikni qisqartirish, aholi bandligini ta’minlash va fuqarolar daromadini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlarni tizimli tashkil etish, mavjud muammolarni joyida o‘rganish hamda belgilangan vazifalar ijrosini kuchaytirishga bag‘ishlangan shtab yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Unda Respublika Xalq banki departamenti direktori Dilshod Ergashev, AT Xalq banki Buxoro viloyati mintaqaviy markazi rahbari o‘rinbosari Nargiza Latipova, tuman hokimligining mas’ul vakillari, mahallalarga biriktirilgan mas’ullar hamda shtab a’zolari ishtirok etdi.
Yig‘ilishda avvalo mahallalarda kambag‘allik va ishsizlikni qisqartirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlarning amaliy natijalari tahlil qilinib, mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish, muammoli xonadonlarni aniqlash va ularni kambag‘allikdan chiqarishga qaratilgan aniq choralarni belgilash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Xususan, har bir mahalladagi kambag‘al va ishsiz fuqarolar, daromad manbaiga ega bo‘lmagan hamda qo‘shimcha daromad olish imkoniyati mavjud oilalar bilan manzilli va individual ishlash zarurligi ta’kidlandi. Har bir xonadonning ijtimoiy holati, mehnat salohiyati, mavjud imkoniyatlari va ehtiyojidan kelib chiqib, uni kambag‘allikdan chiqarishga xizmat qiladigan aniq yechimlarni ishlab chiqish bo‘yicha vazifalar belgilandi.
Bunda fuqarolarni doimiy ish bilan ta’minlash, kasb-hunarga o‘qitish, tadbirkorlik faoliyatiga jalb etish, imtiyozli kredit va moliyaviy ko‘mak imkoniyatlaridan samarali foydalanish, tomorqa va ijara yerlaridan unumli foydalanish hamda boshqa daromadli faoliyat turlarini yo‘lga qo‘yish masalalariga ustuvor ahamiyat qaratildi.
Shuningdek, mahallalarga biriktirilgan mas’ullar faoliyatini yanada kuchaytirish, hududlardagi vaziyatni faqat hisobotlar asosida emas, balki xonadonbay o‘rganish orqali tahlil qilish, aniqlangan muammolarni tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda tezkor hal etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Yig‘ilish davomida Xalq banki tizimi bilan hamkorlikni kuchaytirish, aholining tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, kredit mablag‘laridan maqsadli va samarali foydalanishni ta’minlash hamda amalga oshirilayotgan loyihalarning natijadorligini doimiy nazorat qilib borish masalalari ham muhokama qilindi.
Shtab yig‘ilishida har bir mahalla kesimida ishlarni aniq reja asosida tashkil etish, mas’ullarga biriktirilgan hududlarda aniqlangan muammolarni o‘z vaqtida bartaraf etish, yangi daromad manbalarini yaratish va bandlikni ta’minlash bo‘yicha amaliy choralarni kuchaytirish yuzasidan tegishli vazifalar belgilab berildi.
Asosiy maqsad — har bir xonadonning imkoniyatini to‘g‘ri aniqlash, fuqarolarni daromadli mehnatga jalb etish, yangi ish o‘rinlari va barqaror daromad manbalarini yaratish orqali oilalarni kambag‘allikdan chiqarish hamda mahallalarni kambag‘allik va ishsizlikdan xoli hududlarga aylantirishdir.
Tuman hokimligi axborot xizmati









