Shanba mahallasida yangi, zamonaviy qiyofagi 27-son maktab foydalanishga topshirildi
2026-08-27 21:50:00 / Yangiliklar

Vobkent tumanida yangi o‘quv yilini munosib kutib olish, ta’lim maskanlarini zamonaviylashtirish va o‘quvchilar uchun qulay sharoitlar yaratish borasidagi bunyodkorlik ishlari izchil davom etmoqda.
Bugun Shanba mahallasidagi 27-son umumta’lim maktabi zamonaviy qiyofada, yangilangan va obod holatda tantanali ravishda foydalanishga topshirildi.
Tantanali ochilish marosimi O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasini kuylash bilan boshlandi. Unda tuman hokimi o‘rinbosari Amonjon Axtamov, mahalla faollari, nuroniylar, ziyolilar, ustozlar hamda jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda so‘zga chiqqan tuman hokimi o‘rinbosari Amonjon Axtamov Shanba mahallasi aholisini yaqinlashib kelayotgan O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi hamda zamonaviy qiyofada qayta bunyod etilgan 27-son umumta’lim maktabining foydalanishga topshirilgani bilan samimiy muborakbod etdi.
Ochilish marosimida milliy qadriyatlarimizga xos ezgu an’ana davom ettirilib, maktabda bunyodkorlik ishlarini amalga oshirgan “Azizbek Elshod Savdo” MCHJ rahbariga mahalla nuroniylari ishtirokida minnatdorlik ramzi sifatida to‘n kiydirildi.
Shundan so‘ng ziyolilar, nuroniylar va mahalla faollari ishtirokida ramziy alvon lenta qirqilib, maktabning ramziy kaliti maktab jamoasiga topshirildi.
Tantanali marosimdan so‘ng mehmonlar maktab binosida yaratilgan shart-sharoitlar, zamonaviy o‘quv xonalari va ta’lim jarayoni uchun yaratilgan imkoniyatlar bilan yaqindan tanishdilar.
Bugungi yangilanish — nafaqat bir ta’lim maskanining qiyofasi, balki yosh avlod kelajagiga qaratilgan e’tiborning yana bir amaliy ifodasidir.
Tuman hokimligi matbuot xizmati









