“Ochiq budjet” tashabbusi: Shohnigor mahallasida 3,2 kilometr yo‘l yangilanmoqda
2026-08-07 16:30:00 / Yangiliklar

Vobkent tumanining Shohnigor mahallasida ichki yo‘llarni ta’mirlash va asfalt qoplamasi yotqizish ishlari yakunlanmoqda. Mazkur loyiha fuqarolar tomonidan “Ochiq budjet” (Openbudget.uz) portali orqali ilgari surilgan tashabbuslar asosida amalga oshirilmoqda. Loyiha doirasida mahallaning 3,2 kilometr ichki yo‘li yangidan ta’mirlanib, asfaltlashtirildi. Ishlarni “Buxoro tuman yo‘llardan foydalanish korxonasi” olib bormoqda. Loyihaga 1 milliard 650 million so‘mga yaqin mablag‘ yo‘naltirilmoqda. Natijada mahalla aholisining uzoq yillardan buyon yo‘l bilan bog‘liq murojaatlarini amaliy hal etish, transport vositalari harakati uchun qulay va xavfsiz sharoit yaratish hamda hudud yo‘l infratuzilmasini yaxshilash ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, mahallada piyodalar xavfsizligini ta’minlashga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, bolalarning 17-son davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti va 15-son umumiy o‘rta ta’lim maktabiga qatnov yo‘nalishlari bo‘ylab piyodalar yo‘laklarini barpo etish ishlari ham boshlab yuborildi.
Yangi yo‘llar va piyodalar yo‘laklari transport hamda piyodalar harakatini yanada qulaylashtirib, bolalar va fuqarolarning xavfsizligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Tuman hokimligi matbuot xizmati









