OʻZBEKISTON FERMERLARI KENGASHINING “DALA MADANIYATI – FERMER MAJBURIYATI” ASOSIDA DALA ChETLARIGA CHORVACHILIK MAJMUALARINI QURILISHI YUZASIDAN MUROJAATI
2026-08-06 11:40:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Hurmatli fermerlar!
Bugungi kunda qishloq xoʻjaligi sohasida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar doirasida chorvachilik tarmogʻini rivojlantirish, unda zamonaviy va samarali usullarni joriy etish, shuningdek, fermer xoʻjaliklarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri hisoblanadi.
Shu munosabat bilan, davlatimiz rahbari tomonidan qabul qilingan qator normativ-huquqiy hujjatlar asosida fermer xoʻjaliklariga dala chetlaridan samarali foydalanish uchun keng imkoniyat va imtiyozlar yaratilgan.
Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 31-oktyabrdagi “Aholini oziq-ovqat mahsulotlari bilan barqaror taʼminlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-322-son qaroriga muvofiq, ozuqabop ekinlar yetishtirish uchun 49 yil muddatga ijaraga berilgan yer uchastkalarida, shuningdek, paxtachilik-gʻallachilik va chorvachilik yoʻnalishida faoliyat yuritayotgan fermer xoʻjaliklarining kamida 10 gektar yer maydonining 1 foizi, biroq 20 sotixdan oshmagan qismida yirik va mayda shoxli qoramollarni saqlash uchun yengil konstruksiyali binolar, suv rezervuarlari hamda ozuqa saqlash omborxonalarini qurishga ruxsat berilgan.
Mazkur imtiyozlar fermer xoʻjaliklariga chorvachilik faoliyatini yanada rivojlantirish, mavjud yer maydonlaridan oqilona va samarali foydalanish, shuningdek, chorva mollari uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish imkonini beradi.
Shuningdek, mazkur qarorga asosan fermer xoʻjaliklari va boshqa qishloq xoʻjaligi korxonalari tomonidan dala chetlarida chorva mollarini saqlash uchun yengil konstruksiyali binolar, suv rezervuarlari va ozuqa saqlash omborxonalarini qurish hamda ulardan belgilangan tartibda foydalanish nazarda tutilgan.
Hurmatli fermerlar, Sizlarni yaratilgan mazkur imkoniyat va imtiyozlardan samarali foydalanishga, chorvachilikni rivojlantirish orqali ishlab chiqarish hajmini oshirish hamda aholini sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlashga munosib hissa qoʻshishga chaqiramiz.
Hurmatli aziz fermerlar!
Chorvachilik majmualarini barpo etish uchun yaratilgan quyidagi imtiyozlardan samarali foydalaning:
- ozuqabop va moyli ekinlar yetishtirish uchun 49 yil muddatga ijaraga berilgan yer uchastkalarida chorvachilik majmualarini tashkil etish;
- umumiy maydoni kamida 10 gektar boʻlgan paxtachilik-gʻallachilik va chorvachilikka ixtisoslashgan fermer xoʻjaliklarining sugʻoriladigan yerlarida, yaxlit kontur maydoni kamida 2 gektar boʻlgan holda chorvachilik obyektlarini joylashtirish;
- qurilish uchun ajratilgan yer uchastkasining qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishi nobudgarchiliklari oʻrnini qoplash toʻlovlarini oʻn yil davomida har yili teng ulushlarda boʻlib-boʻlib toʻlash huquqi;
- 2026-yil 1-iyuldan boshlab tijorat banklari tomonidan yillik 10 foiz stavkada, 4 yillik imtiyozli davr bilan 10 yil muddatga kredit mablagʻlarini olish imkoniyati;- har bir viloyatda kamida bitta tuman chorvachilikka ixtisoslashtirilib, ushbu hududlarda qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkalarida ozuqabop ekinlar ekishga ustuvorlik berilishi hamda 2027-yil hosilidan boshlab ekin maydonlarining 50 foizigacha ozuqabop ekinlarni joylashtirishga ruxsat berilishi.
Hurmatli fermerlar!
Mazkur imkoniyatlardan samarali foydalanish uchun quyidagi tadbirlarni amalga oshirishingiz tavsiya etiladi:
Birinchidan, chorvachilik majmuasi boʻyicha loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqing va tasdiqlangan loyiha-smeta hujjatlari asosida qurilish ishlarini boshlang.
Ikkinchidan, qurilish uchun ajratilgan yer uchastkasining qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishi nobudgarchiliklari oʻrnini qoplash boʻyicha dastlabki toʻlovlarni amalga oshiring. Shuni eʼtiborga olingki, ushbu toʻlovlarni oʻn yil davomida har yili teng ulushlarda toʻlash imkoniyati yaratilgan.
Uchinchidan, yer ijarasi shartnomasiga qurilish uchun ajratilgan yer uchastkasidan samarali foydalanishni nazarda tutuvchi qoʻshimchalarni kiriting. Bunda har bir sotix yer maydonida kamida shartli 3 bosh qoramolni doimiy saqlash va parvarishlash talabi nazarda tutiladi.
Toʻrtinchidan, yengil konstruksiyali binolar, suv rezervuarlari va ozuqa saqlash omborxonalarini oʻz ichiga olgan chorvachilik
obyektlarini belgilangan muddatlarda qurib, ulardan samarali foydalanishni yoʻlga qoʻying.
Hurmatli fermer xoʻjaliklari rahbarlari!
Qonunchilik hujjatlarida belgilangan talablarga rioya etish har bir fermerning burchi xisoblanadi.
Shuningdek, Siz qonunchilikda belgilangan majburiyatlarga ham qatʼiy amal qilishingiz lozim.
- Oʻzbekiston Respublikasi Yer kodeksiga muvofiq, yer uchastkasidan oqilona va belgilangan maqsadda foydalanilmagan taqdirda, fermer xoʻjaligining yer uchastkasini ijaraga olish huquqi bekor qilinishi mumkin.
- Chorvachilik obyekti qurilishi yakunlanganidan soʻng 6 oy ichida loyihada nazarda tutilgan quvvatga erishilmagan, yaʼni kamida 60 bosh yirik shoxli qoramol yoki 100 bosh mayda shoxli mol boqish yoʻlga qoʻyilmagan taqdirda, mazkur obyektdan belgilangan maqsadda foydalanilmayotgan deb baholanishi mumkin.
- Ajratilgan yer uchastkasida qurilgan chorvachilik obyektidan belgilangan maqsaddan ashqari foydalanilgan taqdirda, ushbu
obyekt fermer xoʻjaligi mablagʻlari hisobidan buzdirilishi mumkin.
Bunda buzilgan obyekt uchun hech qanday kompensatsiya toʻlanmaydi.
- Fermer xoʻjaligi rahbarlari yuqorida keltirilgan talablarni bajarmagan taqdirda qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlikka tortilishi mumkin.
Jumladan:
- Oʻzbekiston Respublikasi Yer kodeksining 90-moddasiga muvofiq
– yer toʻgʻrisidagi qonunchilik talablarini buzganlik uchun;
- Oʻzbekiston Respublikasi Shaharsozlik kodeksining 85-moddasiga muvofiq – shaharsozlik toʻgʻrisidagi qonunchilik talablarini buzganlik uchun;
- Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 20-apreldagi 200-son qarori bilan tasdiqlangan 2-, 4- va 5-ilovalardagi reglamentlar talablarini buzganlik uchun.
Qadrli fermerlar!
Dala chetlarida chorvachilik majmualarini tashkil etish va qurish bilan bogʻliq hujjatlarni rasmiylashtirish, shuningdek, barchatashkiliy tadbirlarni oʻz vaqtida amalga oshirishda tuman hokimliklari, Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Chorvachilik va yaylov xoʻjaligini rivojlantirish agentligi hamda Fermerlar kengashlari Sizga har tomonlama amaliy koʻmak koʻrsatishga tayyor.
Chorvachilik tarmogʻini rivojlantirish, mamlakatimiz oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash va qishloq xoʻjaligi samaradorligini oshirish har birimizning muhim vazifamiz ekanligini unutmaylik.
Aziz fermerlar!
Dala chetida chorva majmualari qurilish hujjatlarini rasmiylashtirish va boshqa zarur tadbirlarni oʻz vaqtida amalga oshirish uchun tuman hokimliklari, Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Chorvachilik va yaylov xoʻjaligini rivojlantirish agentligi, Fermerlar kengashlari Sizga amaliy koʻmakchidir.
Chorvachilik tarmogʻini rivojlantirish har birimizning vazifamiz ekanligini unutmaylik.
Barchangizni mazkur ezgu ishda ishtirok etishga chorlab, iqtisodiyotimizni yuksaltirish, aholini goʻsht va sut mahsulotlari bilan taʼminlashda munosib hissangizni qoʻshishga hamda dala chetidagi yerdan oqilona foydalanib, kichik tipdagi (bino) molxona tashkil etib, qoramol, parranda va asalari uyasini tashkil etishni oʻz muddatlarida amalga oshirishga daʼvat etamiz!
Tuman hokimligi matbuot xizmati
