DO‘STLIK VA HAMJIHATLIK — YURTIMIZ TINCHLIGINING MUSTAHKAM POYDEVORI
2026-07-31 15:00:00 / Yangiliklar

30-iyul — Xalqlar do‘stligi kuni munosabati bilan Vobkent tumanida millatlararo totuvlik, o‘zaro hurmat va bag‘rikenglik g‘oyalarini keng targ‘ib etishga qaratilgan ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 18-iyuldagi 330-F-sonli hamda Buxoro viloyati hokimining 2026-yil 23-iyuldagi 183-2-0-F/26-sonli farmoyishlari ijrosini ta’minlash, shuningdek, “Do‘stlik” festivalini yuqori saviyada tashkil etish maqsadida o‘tkazilgan tadbir Vobkent tumani 27-son madaniyat markazida bo‘lib o‘tdi.
Bugungi kunda Vobkent tumanida 154 ming nafardan ortiq aholi istiqomat qiladi. Ularning 2 ming nafardan ortig‘ini turli millat va elat vakillari tashkil etadi. Bu esa tumanimizda turli millat vakillarining o‘zaro hurmat, hamjihatlik va do‘stlik muhitida ahil-inoq yashab kelayotganining yorqin ifodasidir.
Tadbirda turli millat va elat vakillari, nuroniylar, yoshlar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. Unda yurtimizda qaror topgan tinchlik va osoyishtalik, millatlararo totuvlik hamda do‘stlik muhitining jamiyat taraqqiyotidagi beqiyos ahamiyati haqida fikr almashildi.
🎶 Tadbir davomida yangragan kuy-qo‘shiqlar, milliy va badiiy chiqishlar xalqlarimizning rang-barang madaniyati, urf-odatlari va an’analarini namoyon etib, bayramona muhitga yanada ko‘tarinki ruh bag‘ishladi.
Tadbirning asosiy maqsadi — yosh avlodni Vatanga muhabbat, bag‘rikenglik va o‘zaro hurmat ruhida tarbiyalash, jamiyatda millatlararo totuvlik va hamjihatlikni yanada mustahkamlash, yurtimizda hukm surayotgan tinchlik va osoyishtalikning qadriga yetish tuyg‘usini kuchaytirishdan iborat.
Zero, turli millat va elat vakillarini yagona Vatan, mushtarak maqsad va ezgu intilishlar atrofida birlashtiradigan do‘stlik va hamjihatlik — Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining muhim omilidir.
Tuman hokimligi matbuot xizmati









