Vobkentda “MUSTAQILLIK TO‘YI” festivali ezgulik, ma’naviyat va bunyodkorlik ruhida davom etmoqda
2026-07-23 13:40:00 / Yangiliklar

“Mustaqillik to‘yi” festivali doirasida bugun Vobkent tumanida "Yagona vatan, yagona xalq bo'lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz" shiori ostida bir qator ma'naviy-ma'rifiy, musiqiy, badiiy tadbirlar, davra suhbatlari o'tkazilishi rejalashtirilgan.
“Obodlik ko‘ngildan boshlanadi” loyihasi doirasida Respublika “Ma’rifat” targ‘ibotchilari a’zolari tuman mutasaddi rahbarlari hamda ziyolilar va nuroniylar hamrohligida tumandagi yetti pir ziyoratgohidan biri — Anjir Fag‘naviy qadamjosida kutib olindi.
Tadbir avvalida buyuk allomaning qabrini ziyorat qilish hamda Qur’on tilovati bilan boshlandi. Tuman bosh imom-xatibi G‘olibjon Ochilov ziyoratchilarga Anjir Fag‘naviyning hayoti, ilmiy-ma’rifiy merosi, tarixiy manbalarda keltirilgan ma’lumotlar hamda ziyoratgohning ma’naviy ahamiyati haqida batafsil so‘zlab berdi. Shuningdek, yurtimizda tarixiy-madaniy merosni asrash, muqaddas qadamjolarni obod etish va ichki turizmni rivojlantirish borasida yaratilayotgan keng imkoniyatlar e’tirof etildi.
Tashrif davomida Respublika “Ma’rifat” targ‘ibotchilari tomonidan ziyoratgoh hududiga gul ko‘chatlari ekilib, obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi.
Mazkur loyiha ezgulik, bunyodkorlik va Vatanga muhabbat tuyg‘ularini yanada mustahkamlash, har bir yurtdoshimizda obodlik madaniyatini yuksaltirishga xizmat qiladi. Zero, yurt ravnaqi avvalo inson qalbidagi ezgulik va mas’uliyatdan boshlanadi. Ko‘ngillar obod bo‘lsa, mahallalar obod bo‘ladi, mahallalar obod bo‘lsa, Vatanimiz yanada go‘zal va farovon maskanga aylanadi.
Tuman hokimligi matbuot xizmati









