Vobkent tuman hokimi tibbiyot birlashmasi faoliyati bilan tanishdi
2026-06-19 19:30:00 / Yangiliklar

Bugun Vobkent tumani hokimi Akmal Ostonov tuman tibbiyot tizimi faoliyati bilan tanishish maqsadida Vobkent tuman tibbiyot birlashmasida bo'ldi.
Tashrif davomida hokim tibbiyot muassasasida davolanayotgan fuqarolar bilan muloqot qilib, ularga yaratilgan shart-sharoitlar, davolanish jarayoni hamda tibbiy xizmat sifati yuzasidan ularning fikr-mulohazalarini o‘rgandi.
Tumanda 290 ta shifo o‘rinlari mavjud bo‘lib, zamonaviy tibbiy xizmatlarni yo‘lga qo‘yish, shifokorlar malakasini oshirish hamda infratuzilmani yaxshilash borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, so‘nggi yillarda bir qator tibbiyot muassasalari ta’mirlanib, yangi oilaviy shifokorlik punktlari foydalanishga topshirildi.
Shu bilan birga, tibbiyot tizimida 210 nafar shifokor va 1447 nafar o‘rta tibbiyot xodimi faoliyat yuritib, aholiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilgan. Profilaktik ko‘riklar va skrininglar natijasida minglab bemorlar aniqlanib, ularning davolanishi tizimli ravishda tashkil etilmoqda.
Tashrif yakunida tuman hokimi tibbiyot muassasalarida xizmat sifatini yanada oshirish, aholiga qulay shart-sharoitlar yaratish hamda tibbiy infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha mas’ullarga tegishli topshiriqlar berdi.
Tuman hokimligi matbuot xizmati









