26-iyun — Xalqaro giyohvandlikka qarshi kurash kuni munosabati bilan Vobkent tumani hokimi Akmal Ostonovning tuman ahli va yoshlariga murojaati
2026-06-19 16:05:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Hurmatli vobkentliklar!
Har yili 26-iyun sanasi butun dunyoda Xalqaro giyohvandlikka qarshi kurash kuni sifatida e’tirof etiladi. Ushbu sana barchamizni giyohvandlik va boshqa zararli illatlarning salbiy oqibatlari haqida chuqurroq o‘ylashga, ayniqsa, yosh avlodni turli xavf-xatarlardan asrash yo‘lida mas’uliyatni yanada kuchaytirishga chorlaydi.
Giyohvandlik inson salomatligi, oila mustahkamligi va jamiyat taraqqiyotiga jiddiy tahdid soluvchi illatlardan biridir. U insonning nafaqat bugunini, balki kelajagini ham xavf ostiga qo‘yadi. Eng afsuslanarlisi, bu illat yoshlarning orzu-maqsadlari, iste’dodi va imkoniyatlarini so‘ndirishi mumkin.
Bugungi kunda mamlakatimizda yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, sport, madaniyat, ta’lim va kasb-hunarga keng jalb etish borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Vobkent tumanida ham yoshlarning salohiyatini ro‘yobga chiqarish, ularni sog‘lom turmush tarziga yo‘naltirish va zararli illatlardan himoya qilish ustuvor vazifalardan biri bo‘lib qolmoqda.
Hurmatli ota-onalar!
Farzandlarimizning tarbiyasi va kelajagi, avvalo, oiladan boshlanadi. Ularning qiziqishlari, mashg‘ulotlari, do‘stlari va bo‘sh vaqtini qanday o‘tkazayotganiga befarq bo‘lmaslik har birimizning muhim vazifamizdir. Oiladagi mehr-oqibat, samimiy muloqot va sog‘lom ma’naviy muhit yoshlarni turli zararli ta’sirlardan asrashning eng samarali omilidir.
Aziz yoshlar!
Sizlar Vobkentning, Yangi O‘zbekistonning eng katta boyligi va kelajagisiz. O‘z oldingizga yuksak maqsadlarni qo‘ying, ilm olishdan, kasb-hunar egallashdan, sport bilan shug‘ullanishdan to‘xtamang. Hayotingiz va kelajagingizga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan har qanday zararli odatlardan yiroq bo‘ling. Sog‘lom turmush tarzi, mustahkam iroda va qat’iyat sizlarni ulkan muvaffaqiyatlar sari yetaklaydi.
Keling, barchamiz birgalikda giyohvandlikka qarshi murosasiz kurash olib borib, yoshlarimizning sog‘lom, bilimli, vatanparvar va barkamol insonlar bo‘lib voyaga yetishiga munosib hissa qo‘shaylik.
Yurtimiz tinch, xonadonlarimiz fayzli, farzandlarimiz sog‘lom va baxtli bo‘lsin!
Akmal Ostonov,
Vobkent tumani hokimi
