Vobkent tumani Kengashining 28-sessiyasi boʻlib o'tdi
2026-06-18 12:00:00 / Yangiliklar

Xalq deputatlari Vobkent tumani Kengashining VII chaqiriq 28-sessiyasida tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi farovonligini oshirish hamda hududlar infratuzilmasini yaxshilashga qaratilgan qator muhim masalalar muhokama qilindi.
Sessiyada 2026-yil I chorakda mahalliy byudjet ijrosi, byudjet daromadlari va xarajatlar rejasiga kiritilgan o‘zgartirishlar ko‘rib chiqilib, tegishli qarorlar qabul qilindi.
Shuningdek, “Vobkentdaryo” kanali bo‘yida zamonaviy sohilbo‘yi saylgohini barpo etish loyihasi deputatlar tomonidan muhokama qilinib, ushbu tashabbus tadbirkorlikni rivojlantirish, yangi xizmat ko‘rsatish nuqtalarini tashkil etish va aholi bandligini ta’minlashga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Sessiyada oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, ichki bozorda narxlar barqarorligini saqlash, ekologik madaniyatni yuksaltirish, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasidagi ishlar samaradorligini oshirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi.
Bundan tashqari, bolalar saratoniga qarshi kurashish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar tahlil qilinib, ushbu yo‘nalishda tizimli nazoratni davom ettirish zarurligi qayd etildi.
Yoshlarning yozgi ta’til davrini mazmunli tashkil etishga qaratilgan “Dolzarb 90 kun” dasturi tasdiqlanib, uning doirasida ta’lim, sport, kitobxonlik, IT va zamonaviy kasblarga yo‘naltirilgan loyihalarni keng qamrovda amalga oshirish belgilab olindi.
Shuningdek, “Charmgaron” mahallasidagi ichki yo‘laklarni beton qoplama bilan ta’mirlash bo‘yicha taklif ham deputatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.
Sessiyada kun tartibiga kiritilgan barcha masalalar deputatlar tomonidan atroflicha muhokama qilinib, tegishli qarorlar qabul qilindi. Qabul qilingan qarorlar tumanning barqaror rivojlanishi, aholi uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratish hamda hududlar infratuzilmasini yaxshilashga xizmat qiladi.
Tuman hokimligi matbuot xizmati









