Vobkentlik para sportchilar — 8 ta medal va respublika bosqichiga yo‘llanma!
2026-05-23 15:35:00 / Yangiliklar

Buxoro viloyatida “Besh tashabbus paralimpiadasi”ning viloyat bosqichi yuqori saviyada va tantanali ruhda tashkil etildi. Mazkur sport festivali jismoniy imkoniyati cheklangan fuqarolarning sportga bo‘lgan qiziqishini qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyat hayotidagi faolligini oshirish hamda inklyuziv muhitni mustahkamlashga xizmat qiluvchi muhim loyiha sifatida e’tirof etildi.
Hududiy saralash bosqichlarida muvaffaqiyat qozongan 338 nafar ishtirokchi viloyat bosqichida para stol tennisi, para yengil atletika, para shaxmat, para badminton, para armrestling kabi 13 ta sport yo‘nalishida o‘zaro bellashib, o‘z mahoratini namoyon etdi.
Musobaqalarda Vobkent tuman jamoasi ham munosib ishtirok etib, sportchilarimizning matonati, irodasi va iste’dodi evaziga jami 8 ta medal qo‘lga kiritildi.
Xususan:
🥇 Abdurahim Ikromov — para yengil atletika yo‘nalishida 1-o‘rin;
🥇 Bobomurod Yarashov — para stol tennisi yo‘nalishida 1-o‘rin;
🥇 Nodir Toshev — para badminton yo‘nalishida 1-o‘rin;
🥈 Nazokat Istamova — para shaxmat yo‘nalishida 2-o‘rin;
🥈 Ziyoda To‘rayeva — para stol tennisi yo‘nalishida 2-o‘rin;
🥈 Bunyod Safarov — para stol tennisi yo‘nalishida 2-o‘rin;
🥈 Oqil Davronov — para armrestling yo‘nalishida 2-o‘rin;
🥉 Muhammad Hayitov — para stol tennisi yo‘nalishida 3-o‘rinni egalladi.
Ayniqsa, 1-o‘rinni qo‘lga kiritgan sportchilarimiz viloyat sharafini himoya qilib, “Besh tashabbus paralimpiadasi”ning respublika bosqichida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritgani barchamiz uchun quvonarli voqea bo‘ldi.
Vobkentlik para sportchilarning ushbu yutuqlari yoshlar uchun chinakam motivatsiya va qat’iyat namunasi bo‘lib xizmat qiladi.
Tuman hokimligi matbuot xizmati









