“Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari”: Vobkent yoshlari kasbiy mahoratda bellashadi
2026-05-22 16:45:00 / Yangiliklar

Bugun Vobkent tuman hokimi Akmal Ostonov tumandagi 2-son texnikumda bo‘lib, “Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari” kasbiy mahorat milliy tanlovini namunali tashkil etish yuzasidan tayyorgarlik jarayonlari bilan tanishdi.
Tashrif davomida tanlov ishtirokchilari uchun yaratilgan shart-sharoitlar, amaliy mashg‘ulotlar uchun zarur xomashyo va jihozlarning Nizom talablari asosida tayyorlanganlik holati ko‘zdan kechirildi. Mas’ullarga tanlovni yuqori saviyada tashkil etish, ishtirokchilar uchun qulay va shaffof muhit yaratish yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Ma’lum qilinishicha, tanlovning tuman bosqichi ertaga tumandagi texnikumlarda bo‘lib o‘tadi.
Jumladan:
🔹Sartaroshlik texnologiyasi hamda Payvandlash texnologiyasi yo‘nalishlari 1-son texnikumda;
🔹Elektromontaj, Santexnika, Tibbiy va ijtimoiy g‘amxo‘rlik, Quruq qurilish va suvoq ishlari, Moda texnologiyalari, Oshpazlik hamda Kompyuter grafikasi yo‘nalishlari 2-son texnikumda;
🔹Avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish yo‘nalishi esa 3-son texnikumda tashkil etiladi.
Mazkur loyiha “Yangi O‘zbekiston yoshlari – 2030” strategiyasi doirasida yoshlarning kasbiy mahoratini qo‘llab-quvvatlash, ularni ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohalariga keng jalb etish, shuningdek, zamonaviy kasblarning nufuzini oshirish maqsadida amalga oshirilmoqda.
Tuman hokimligi matbuot xizmati









