Xotin-qizlar bandligini ta’minlash va gender tenglikni mustahkamlash — ustuvor vazifa
2026-05-21 18:48:00 / Yangiliklar

Bugun O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasining Oilada huquqiy madaniyatni oshirish, huquqbuzarliklar profilaktikasini tashkil etish hamda tazyiq va zo‘ravonlikning oldini olish bo‘limi boshlig‘i Shoira Sobirova Vobkent tumanidagi “Charmgaron” mahallasi hududida joylashgan VOBTEX MCHJ faoliyati bilan tanishdi.
Tashrif davomida korxonada xotin-qizlar uchun yaratilgan mehnat sharoitlari, ularning bandligini ta’minlash hamda doimiy daromad manbaini shakllantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar ko‘zdan kechirildi. Ayni paytda korxonada 48 nafar xotin-qizning doimiy bandligi va barqaror daromad manbai ta’minlangan.
O‘rganish jarayonida Shoira Sobirova xotin-qizlarni kasb-hunarga yo‘naltirish, ularning iqtisodiy faolligini oshirish hamda oilaviy daromadlarini mustahkamlash bo‘yicha amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalar yuzasidan tavsiyalar berdi.
Ta’kidlanganidek, bugungi kunda mamlakatimizda gender tenglikni ta’minlash, xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish davlat siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilangan. Xususan, ayollarning bandligini ta’minlash, ularni zamonaviy kasb va hunarlarga o‘qitish, tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash hamda munosib mehnat sharoitlarini yaratish masalalari davlat tomonidan doimiy nazoratga olingan.
Shuningdek, xotin-qizlarga ta’lim olish va kasb egallash borasida keng imkoniyat va imtiyozlar yaratilmoqda. Jumladan, professional ta’lim muassasalarida tahsil olish, qisqa muddatli kasb-hunar kurslarida qatnashish, tadbirkorlik faoliyatini boshlash uchun imtiyozli kredit va subsidiya olish imkoniyatlari ayollarning jamiyatdagi faolligini oshirishga xizmat qilmoqda.
Mazkur tashrif ham xotin-qizlarning iqtisodiy mustaqilligini ta’minlash, ularning jamiyatdagi o‘rnini mustahkamlash va gender tenglik tamoyillarini hayotga keng tatbiq etish yo‘lidagi amaliy ishlarning uzviy davomi bo‘ldi.
Tuman hokimligi matbuot xizmati





