Yoshlar bandligi – ustuvor vazifa: Vobkentda ochiq muloqot amaliy natijalar bilan yakunlandi
2026-04-23 17:06:00 / Yangiliklar

Bugun Vobkent tuman hokimligi katta majlislar zalida tuman hokimi Akmal Ostonov boshchiligida sektor rahbarlari hamda mutasaddi tashkilotlar ishtirokida muhim ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi. Unda 2026-yil 22-aprelda muddatli harbiy xizmatni o‘tab qaytgan 34 nafar yoshlar bilan ularning bandligini ta’minlash, kelgusidagi rejalari va muammolarini o‘rganish masalalari muhokama qilindi.
Muloqot davomida yoshlarning aniq maqsad va rejalari borligiga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, 34 nafar yoshdan 5 nafari harbiy xizmatni namunali o'tagani uchun oliy ta’lim muassasalariga kirish imtiyoziga ega bo‘lganini bildirgan bo‘lsa, 4 nafari harbiy xizmatni shartnoma asosida davom ettirish maqsadida tegishli arizalar topshirgan. Shuningdek, 1 nafar yosh tadbirkorlik faoliyatini boshlash niyatida ekanini, 12 nafari esa o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ish izlayotganini ma’lum qildi.
Yig‘ilish yakunida har bir murojaat e’tiborsiz qolmadi. Xususan, tadbirkorlik qilish istagidagi yosh uchun o‘z faoliyatini boshlashi maqsadida yer ajratish bo‘yicha tegishli topshiriqlar berildi. Mutaxassisligi bo‘yicha ishlash istagidagi 12 nafar yoshlarga tumandagi mavjud bo‘sh ish o‘rinlari haqida batafsil ma’lumot taqdim etilib, ularni ishga joylashtirish jarayonlarini tezkor rasmiylashtirish vazifasi mas’ullarga yuklatildi.
Ta’kidlanganidek, bugungi kunda yoshlar bandligini ta’minlash davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan ustuvor yo‘nalishlardan biridir. Yoshlarning o‘zlari qiziqqan kasb-hunarlarni egallashi, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni o‘zlashtirishi uchun barcha sharoitlar yaratilmoqda. Jumladan, bepul o‘quv kurslari, xorijiy tillarni o‘rganish dasturlari, zamonaviy kasb-hunar markazlari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.
Bundan tashqari, tadbirkorlik qilish istagidagi yoshlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida imtiyozli kreditlar ajratilayotgani, ularning biznes g‘oyalarini ro‘yobga chiqarish uchun amaliy yordam ko‘rsatilayotgani ham alohida urg‘ulandi.
Ochiq va samimiy ruhda o‘tgan ushbu muloqot yoshlarning kelajagiga befarq emaslik, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash yo‘lidagi izchil ishlarning yana bir amaliy ifodasi bo‘ldi.
Tuman hokimligi matbuot xizmati









