Tuman hokimi, mahallalar Kengashi raisi A.Ostonov boshchiligida 2026-yil I chorak yakuni hisobotlari tahlil qilindi
2026-04-07 20:00:00 / Yangiliklar

Tumandagi barcha mahalla raislari hamda mutasaddi tashkilotlar rahbarlari ishtirok etgan yig'ilishda 2026-yilning dastlabgi choragi davomida rejalashtirilgan vazifalarning bajarilish holati tahlil qilinib, kelgusidagi vazifalar belgilab olindi. “Yettilik” faoliyatini samarali tashkil qilishda mavjud muammolarning yechimi, shuningdek bajarilishi lozim bo‘lgan muhim vazifalar muhokama qilindi.
Hurmatli Prezidentimiz tashabbuslari bilan “mahalla yettiligi” tizimi joriy etilganiga mana ikki yil toʻldi, ushbu davr mobaynida “yettilik” aʼzolari aholi bilan ishlashni oʻrgandi, tajriba orttirdi va bugungi kunga kelib bu tizim xalqchil tuzilmaga aylandi, “Mahalla yettiligi” – yagona jamoa boʻlib, shakllandi.
Davlatimiz Rahbari tomonidan 2026-yil – “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish” yili deb eʼlon qilinganligi ham har bir “mahalla yettiligi” zimmasiga katta ishonch va yuksak masʼuliyatdan dalolatdir.
Uyushmaga mahalladagi "yettilik" aʼzolarini birlashtirish, muvofiqlashtirish va yoʻnaltirish vazifalari yuklatildi.
“Mahalla yettiligi” tizimi yaratilmasidan oldin mahallani ishsizlik, kambagʻallik yoki jinoyatchilik va oilaviy ajrimdan holi hududga aylantirish degan tushuncha yoʻq edi.
Bugungi kunda mahalla raisi “yettilikka” bosh-qosh boʻlib, aholini qiynab kelayotgan masalalar bilan kundalik shugʻullanmoqda, qaysi xonadonga yordam berish, qaysi koʻchani taʼmirlash, qayerga daraxt ekish, kimni oilasi notinch, kim ishsiz yoki boʻlmasa kim chet elda migrant boʻlib yuribdi, ular bilan qanday ishlash kerak – shu kabi barcha masalalarni jamoasi bilan kelishib, hal qilmoqda.
Joriy yil oʻtgan 3 oyi davomida mahallalarda “yettilik” aʼzolari hamkorligida bir qator ijobiy ishlar amalga oshirilib, natijada, qator mahallalarda ishsizlik darajasi pasaydi, kambagʻallik qisqardi, jinoyatchilik kamaydi.
Misol uchun: yil boshida aniqlangan 675 nafar ishsizning 484 nafari (76 foizi) ishga joylashtirilib, 3 ta mahalla (Choʻrikalon, Koʻliodina, Doʻstlik) ishsizlikdan holi hududga aylantirildi. Ammo 1108 ta kambagʻal oiladan bironta ham mahallada kambagʻallikdan holi hududga aylantirilmadi.
Mahallalarda jinoyatchilik ustidan kunlik nazorat oʻrnatilib, aholi bilan 250 dan ortiq targʻibotlar oʻtkazildi, 215 ta videokuzatuv va maxsus kameralar oʻrnatildi, 170 ta oilaviy nizolar bartaraf etildi.
Davlat dasturi asosida – mahallalarda 2 ta transformator holati yaxshilandi, 48 ta beton ustun va 367 ta tungi chiroqlar oʻrnatildi. 7 km yoʻlga shagʻal va 12 km yoʻlga asfalt yotqizildi, 2.5 km piyodalar yoʻlagi qurildi. 1.5 km ichimlik suvi tarmogʻi tortildi.
Haftaning shanba-yakshanba kunlari mahallalarda hashar oʻtkazilib, 260 ta koʻcha, 1200 gektar maydon obodonlashtirildi. 116 ta qabriston, 2 ta ziyoratgoh va 68 ta bolalar maydonchasi tartibga keltirildi. “Yashil makon” loyihasi asosida 135 ming tup (116 foiz) daraxtlar ekildi. Bir soʻz bilan aytganda, bugun qaysi mahallada ish toʻgʻri yoʻlga qoʻyilgan boʻlsa, oʻsha joyda tizim ishlamoqda, natija boʻlyapti. Lekin, xalqimizda “besh qoʻl baravar emas” degan gap bor. Afsuski, ayrim hududlarda “yettilik” aʼzolari oʻrtasidagi jipslik yetarli emas, ishlarda bosh-boshdoqlik kuzatilmoqda.
Ayrim hollarda esa buning asosiy sababi – mahalla yettiligining hamkorligi yoʻqligidan.
Jumladan, ishsizlik masalasida. Tahlillarga koʻra – joriy yilning 3 oyida 6 ta mahalla Xalach MFY da 13 ta ishsizdan 3 tasi, Anjirbogʻ MFY 30 ta ishsizdan 5 tasi, Teraklik MFY 14 ta ishsizdan 1 tasi, Niyozxoʻja 30 ta ishsizdan 2 tasini bandldigi taʼminlangan xolos. Eng achinarlisi Diyor MFY da 28 nafar ishsiz fuqaro va Xoʻjarabot MFY da 30 nafar ishsiz fuqaro “Mahalla ijro” platformasiga kiritilgan boʻlsada, bugungi kunga qadar birorta ham ishsiz fuqaroning bandligi taʼminlanmagan.
Shuningdek, kambagʻallikdan holi mahallalar mavjud emasligi bu yoʻnalishda mahallalar yetarlicha ishlamayotganligidan darak beradi. Bu yoʻnalish boʻycha hech qaysi mahalla yettiligi ishni tashkil qilmagan.
Oilalar kambagʻallikdan chiqarilyapti ammo tumanda 1 ta ham kambagʻallikdan holi mahalla yoʻq. Tuman boʻyicha bu achinarli holat.
Bu holatga mahallalarda oilalarni “kambagʻal oila” toifasiga kiritish tartibi oʻzgarganligi sabab qilib koʻrsatilmoqda, lekin tizimli ish tashkil etgan mahallalarda natija boʻlyapti.
Shu bilan birga, oʻtgan 3 oyda tuman boʻyicha eng koʻp yengil tan jarohati yetkazish jinoyati Kulolchi mahallasida soni ortgan.
Ta’kidlash lozimki, tumanda oilaviy ajrimlar soni 2025-yilning ushbu davriga nisbatan sezilarli darajaga, 12 taga oshgan (2025-yilda 30 ta/2026-yilda 42 ta boʻlgan). Oilaviy ajrim kuzatilgan mahallalar soni ham 5 taga koʻpaygan.
Achinarlisi, Charmgaronda 3 ta, Teraklik, Soʻfideqon, Moʻminobod, Latifsobungar va Qatagʻan mahallalarida 2 tadan ajrimlar oshishi kuzatilgan.
Aholi murojaatlari bilan ishlash masalasi hamisha eng dolzarb masala boʻlib kelgan.
2025-yilning mos davriga nisbatan joriy yilda aholi murojaatlari soni 15 taga kamaygan.
Mahalla hududidagi infratulma obektlari toʻliq xatlovdan oʻtkazilib, mahalla ijro platformasining ombor daftari dasturiga kiritilmagan.
Xabaringiz bor, “Yettilik” aʼzolarini ishga kelish-ketish davomatini “Raqamli mahalla” platformasi orqali yuritib borilmoqda. Mart oyida “yettilik” aʼzolarining 87,5 foizi davomatdan oʻtgan.
Davomatdan oʻtmaganlar, eng koʻp Vobkent tumanida 782 tani tashkil etadi.
Tumandagi 39 ta mahallaning “Mahalla jamgʻarmasi”da 2025-yil 1-yanvar holatiga 877 mln soʻm qoldiq mavjud edi, 2026-yil I chorakda 326 mln soʻm mablagʻ tushum boʻlgan, 1 chorak xarajati 337 mln soʻmni tashkil etadi.“Mahalla jamgʻarmasi”da 1-aprel holatidagi qoldiq 866 mln soʻm tashkil etadi.
Tuman hokimligi matbuot xizmati









