“Xajuvon”da pomidor hosili yig'ilmoqda
2026-04-01 08:30:00 / Yangiliklar

Tomorqa har bir xonadon fayzu barakasining muhim vositasi. Keyingi yillarda vobkentlik tomorqa yer egalari ham bu oddiy haqiqatni teran tushunib yetib, yerga munosabatni tubdan oʻzgartirib, avvalo oʻz ehtiyojlari, qolaversa, mahalladoshlari dasturxoni toʻkinligini taʼminlash uchun bor kuch va imkoniyatlarini ishga solmoqdalar. Qishloqlarda oʻnlab xonadonda issiqxona xoʻjaligi rivojlantirilmoqda, kartoshka, pomidor, bodring, bulgʻor qalampiri kabilar bilan birga, sarxil navli qulupnay va hatto, sitrus mevalar yetishtirish keng tus olmoqda.
Masalan, Xajuvon mahallasida yashovchi tadbirkor, "Otamurod Berdi Jamshid" MCHJ rahbari Oybek Sultonov qishki mavsumda 1 gektardan maydondagi issiqxonada serhosil pomidor navini ekkan edi. Zamonaviy issiqxonada ish yuritish maqsadida 6 nafar hamqishloqlarini ish va doimiy daromad bilan ta'minlagan tadbirkor imtiyozli ravishda 150 mln so'm kredit mablag'larini shu issiqxonani rivojlantirishga sarfladi. Tinimsiz mehnat, o'z ustida ishlash va dehqonchilikda orttirilgan tajriba bugun o'z hosilini berdi. 2026-yil hisobida birinchi hosil el dasturxoniga, bozor rastalariga chiqishga tayyor. 1 gektar maydondan tadbirkor 30 tonna sara pomidor hosilini yig'di.
Ertangi kunga boʻlgan umid va ishonch, oilalar farovonligi sari tashlangan dadil qadamlar, yerga berilgan eʼtibor, albatta, qut-baraka boʻlib qaytadi.
Tuman hokimligi matbuot xizmati




