Tomorqaning obod bo‘lishi - qo‘shimcha daromad
2026-02-16 10:35:00 / Yangiliklar
Hozirda aholi bandligi va daromadini oshirishning muhim manbai bo‘lgan tomorqachilikni rivojlantirish barcha mas’ul rahbarlardan tortib, tomorqa egasining ham muhim vazifalaridan biriga aylandi. Mavjud aholi tomorqalari yer maydonlaridan samarali foydalanish maqsadida viloyatimizda ham keng qamrovli ishlar olib borilmoqda.
Hozirgi vaqtda Vobkent tumani Shohnigor mahallasidagi issiqxonalar soni 35 taga yetdi",-deydi mahalla raisi Imom Salomov. Mahallada Shahnoza Avezovaning ish yuritayotgan 60 sotixli zamonaviy issiqxonasi, ayniqsa, e'tirof etishga loyiq. Shahnoza opa bugun issiqxonada pomidor ko'chatlarini o'tkazgan. Bulg'or qalampiri yig'ishtirib olingach, ko'chatlar qirqirib dorilandi va qator orasiga pomidor ko'chatlari qurildi. Bulg'or qalampiri ko'chatlari ham qirqilgach qayta kurtak otadi va pomidorning hosili tayyor bo'lguncha qayta kuchga kiradi. Bu usul yerga mustahkam tomir otgan kuchli niholni saqlab qolish imkonini beradi. Vaqtdan ham yutiladi.
"Bugun tomorqadan unumli foydalanish har qachongidan ham muhimligini barcha yer egalari to‘g‘ri anglay bilishi lozim",- deydi Shahnoza Avezova. Bu yilgi daromad 200 mlndan oshdi. Keyingi yilda esa bundan ham yuqori marra ko'zlangan. Doimiy ishchi kuchiga ehtiyoj mavjud. Shuning uchun Shahnoza opa dehqonchilik sir-asrorlarini qizg'anmaydi, ishchilarga bor tajribasini ulashadi. Shohnigorlik yer egalariga esa bu tajribalarni o'rganish muhim. Tomorqa ishi–jismoniy faollik, tomorqaning obod bo‘lishi esa - qo‘shimcha daromad, kambag‘allik degan so‘zga o‘rin yo‘q degan oddiy va o‘rinli tushunchalarni hayotga to‘liq tadbiq eta olsak, ko‘zlangan maqsadlarga erishiladi.







