Jizzaxda nazorat qiluvchi idoralar vakillari uchun seminar o‘tkazildi
2026-07-29 10:45:00 / Tadbirlar

Jizzax viloyatida nazorat qiluvchi idoralar vakillari ishtirokida tadbirkorlik subyektlari huquqlarini himoya qilish hamda nazorat tadbirlarining shaffofligini ta’minlashga bag‘ishlangan seminar tashkil etildi.
📚 Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil (Biznes ombudsman) devonining Jizzax viloyati mas’ullari tashabbusi bilan o‘tkazildi. Unda Prezidentning 2026-yil 17-apreldagi PF-63-son Farmoni va 2022-yil 13-sentyabrdagi PQ-374-son Qarori mazmun-mohiyati yuzasidan ma’ruzalar tinglandi.
🔍 Ma’ruzachilar yangi huquqiy mexanizmlar tadbirkorlik faoliyatiga noqonuniy aralashuvlarning oldini olish, tekshiruvlar shaffofligini oshirish hamda nazorat tadbirlarini muvofiqlashtirishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
🤝 Seminarda Texnik jihatdan tartibga solish sohasida nazorat inspeksiyasi Jizzax viloyati bo‘limi davlat inspektorlari va boshqa nazorat qiluvchi organlar vakillari ishtirok etdi. Yakunda ishtirokchilar tomonidan bildirilgan savollarga Biznes ombudsman mas’ullari tomonidan huquqiy tushuntirishlar berildi.
✅ Mutaxassislar bunday seminarlar nazorat organlari faoliyatida yagona amaliyotni shakllantirish, tadbirkorlarning huquq va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish hamda davlat nazoratining ochiqligi va shaffofligini yanada kuchaytirishga xizmat qilishini qayd etdi.


