Atama va ta’riflar
STANDARTLASHTIRISH SOHASIDA ATAMA VA TA’RIFLAR
Milliy standart — O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligining O‘zbekiston standartlar instituti tomonidan qabul qilingan hamda keng jamoatchilik uchun ochiq bo‘lgan standart.
Standart — faoliyatning har xil turlariga yoki ularning natijalariga taalluqli bo‘lgan, umumiy va ko‘p marta foydalanish uchun qoidalarni, umumiy prinsiplarni yoki tavsiflarni belgilaydigan hamda muayyan sohada tartibga solishning eng maqbul darajasiga erishishga qaratilgan hujjat.
Standartlashtirish — muayyan sohada tartibga solishning eng maqbul darajasiga erishishga qaratilgan, haqiqatda mavjud bo‘lgan yoki kutilayotgan vazifalarga nisbatan umumiy va ko‘p marta foydalanish uchun qoidalarni belgilaydigan faoliyat.
Standartlashtirish bo‘yicha milliy organ — O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligining O‘zbekiston standartlar instituti.
Standartlashtirish bo‘yicha texnik qo‘mita — faoliyat yo‘nalishlari bo‘yicha standartlashtirish tizimini rivojlantirishni amalga oshirishda ishtirok etuvchi maslahat-kengash organi.
Standartlashtirish obyekti — mahsulot, tovarlar, xizmatlar (bundan buyon matnda mahsulot deb yuritiladi), jarayonlar, menejment tizimlari, atamalar, shartli belgilar, tadqiqotlar (sinovlar), o‘lchash (shu jumladan namunalarni tanlash) hamda sinov usullari, tamg‘alash, muvofiqlikni baholash tartib-taomillari va boshqa obyektlar.
Xalqaro (mintaqaviy) standart — standartlashtirish bo‘yicha xalqaro yoki mintaqaviy tashkilot tomonidan qabul qilingan va keng jamoatchilik uchun ochiq bo‘lgan standart.
Xorijiy mamlakatning standarti — xorijiy mamlakatning standartlashtirish bo‘yicha vakolatli organi (tashkiloti) tomonidan qabul qilingan standart.
O‘zaro kelishuv — ko‘pchilik manfaatdor taraflarning mavjud masalalar bo‘yicha e’tirozlari mavjud emasligi bilan tavsiflanadigan hamda barcha taraflarning fikrlarini inobatga olish va mos kelmayotgan nuqtayi nazarlarni yaqinlashtirishga qaratilgan jarayon natijasida erishiladigan umumiy kelishuv.
TEXNIK JIHATDAN TARTIBGA SOLISH SOHASIDA ATAMA VA TA’RIFLAR
Davlat nazorati organi — texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshirishga vakolatli bo‘lgan davlat boshqaruvi organi.
Ishlab chiqaruvchining vakolatli vakili — ishlab chiqaruvchi (chet el ishlab chiqaruvchisi) bilan tuzilgan shartnoma asosida O‘zbekiston Respublikasi hududida mahsulotning muvofiqligini baholashda va uni muomalaga chiqarishda ushbu ishlab chiqaruvchi nomidan harakatlarni amalga oshiradigan tadbirkorlik subyekti.
Mahsulot — faoliyatning moddiy-ashyoviy shaklda taqdim etilgan va xo‘jalik hamda boshqa maqsadlarda foydalanish uchun mo‘ljallangan natijasi.
Mahsulotni muomalaga chiqarish — tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish doirasida mahsulotni O‘zbekiston Respublikasi hududida tarqatish maqsadida yetkazib berish (realizatsiya qilish) yoki olib kirish (ishlab chiqaruvchining omboridan jo‘natish yoki omborga joylamasdan yuklab jo‘natish).
Muvofiqlik to‘g‘risidagi deklaratsiya — ishlab chiqaruvchi, ishlab chiqaruvchining vakolatli vakili, sotuvchi yoki import qiluvchi tomonidan muomalaga chiqariladigan mahsulotning texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga muvofiqligini tasdiqlaydigan hujjat.
Muvofiqlikni deklaratsiyalash — mahsulotning texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga muvofiqligini majburiy ravishda tasdiqlash shakli.
Savdodagi texnik to‘siq — mahsulot kelib chiqqan mamlakatga (joyga) qarab mahsulotga va muvofiqlikni baholash tartib-taomillariga doir majburiy talablarning turlicha qo‘llanilishi oqibatida mamlakatlar o‘rtasidagi savdoda yuzaga keladigan to‘siq.
Sinov laboratoriyasi — sinovlarni amalga oshiruvchi yuridik shaxs yoki uning tarkibiy bo‘linmasi.
Sotuvchi — mahsulotni realizatsiya qiladigan, O‘zbekiston Respublikasining rezidenti bo‘lgan tadbirkorlik subyekti.
Texnik jihatdan tartibga solish — mahsulotning xavfsizligiga, uni ishlab chiqarish jarayonlariga va usullariga doir talablarni belgilash, qo‘llash hamda bajarish, shuningdek ularga rioya etilishini muvofiqlikni baholash va davlat nazoratini amalga oshirish orqali tekshirish.
Texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar — texnik reglamentlar va standartlar.
Texnik reglament — mahsulot xavfsizligining qo‘llanilishi majburiy bo‘lgan tavsiflari yoki ular bilan bog‘liq bo‘lgan ishlab chiqarish jarayonlari va usullari, qoidalar belgilangan hujjat.
Xizmat — jismoniy va yuridik shaxslarning ehtiyojlarini qanoatlantirishga qaratilgan, natijalari ashyoviy shaklga ega bo‘lmagan faoliyat.
