II Osiyo xotin-qizlari forumi: gender tengligi va keng imkoniyatlar
2026-03-12 09:00:00 / Yangiliklar

Ushbu nufuzli anjuman mintaqada gender siyosati, xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish hamda ularning iqtisodiy va ijtimoiy faolligini oshirish masalalari bo‘yicha muhim xalqaro muloqot maydoniga aylanishi kutilmoqda.
Forumni tashkil etish va uning mazmun-mohiyatini boyitish jarayonida Agentlik xotin-qizlarining ham faol ishtiroki nazarda tutilgan. Mazkur tashabbus O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasida ilgari surilgan takliflarga hamohang ravishda amalga oshirilmoqda.
Mazkur forumning birinchi yig‘ilishi 2024-yil 13–14-may kunlari Samarqand shahrida “Xotin-qizlarning iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy huquq hamda imkoniyatlarini kengaytirishga oid mintaqaviy yondashuvlar” mavzusida bo‘lib o‘tgan edi. Unda xalqaro tashkilotlar va moliyaviy institutlar ishtirokida xotin-qizlar huquqlarini ta’minlash, ularni qo‘llab-quvvatlash va ijtimoiy himoya qilish sohasidagi zamonaviy yondashuvlar muhokama qilindi.
Shuningdek, xotin-qizlar va bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning barcha shakllarini bartaraf etishda mintaqaviy hamkorlikning ahamiyati, uning mamlakatlar ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotiga salbiy ta’sirini kamaytirishga qaratilgan profilaktik chora-tadbirlar, nodavlat tashkilotlarning xotin-qizlar huquqlarini himoya qilishdagi ilg‘or tajribasi hamda innovatsion yondashuvlari kabi masalalar keng muhokama qilindi.
Forumda 30 dan ortiq davlat va xalqaro tashkilotlardan delegatsiyalar ishtirok etib, Sharqiy, Janubi-Sharqiy va Janubiy Osiyo hamda Markaziy Osiyo mamlakatlaridan parlament a’zolari, davlat organlari vakillari, diplomatik missiyalar hamda xalqaro tashkilotlardan 40 dan ziyod mutaxassislar qatnashdi. Ular O‘zbekistonda gender tenglikni ta’minlash sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarni yuqori baholadilar.
Forum davomida mamlakatda xotin-qizlar manfaatlarini himoya qilish, gender tenglikni ta’minlash va oila institutini mustahkamlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekani alohida ta’kidlandi. So‘nggi yillarda xalqaro standartlarga muvofiq milliy qonunchilik bazasi shakllantirilib, gender tenglikni ta’minlashga qaratilgan qator qonunlar qabul qilindi va 2030 yilga qadar mo‘ljallangan gender strategiyasi amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, normativ-huquqiy hujjatlarni gender ekspertizadan o‘tkazish, genderga asoslangan byudjetlashtirish va gender audit kabi zamonaviy mexanizmlar amaliyotga joriy etilmoqda. Forum yakunida iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy sohalarda xotin-qizlarning faolligini oshirish, mehnat bozorida teng imkoniyatlarni ta’minlash hamda ayollar tadbirkorligini rivojlantirishga qaratilgan takliflar umumlashtirildi. Muzokaralar natijasi sifatida mintaqada gender tenglikni yanada mustahkamlashga qaratilgan Samarqand deklaratsiyasi qabul qilindi.
