Texnik jihatdan tartibga solish sohasida nazorat inspeksiyasi tomonidan 2025-yil sentabr, yanvar-sentabr oylarida amalga oshirilgan ishlari hamda 2025 yil yanvar-dekabrda amalga oshiriladigan dolzarb vazifalar to‘g‘risida Press-reliz
2026-01-07 15:00:00 / Press-relizlar

Davlat nazorati samaralari
2025 yilning dastlabki to‘qqiz oyida Nazorat inspeksiyasi mutaxassislari tomonidan 442 ta korxonada davlat nazorati tadbirlari o‘tkazildi.
Natijada 492 turdagi mahsulot tekshirilib, 451 tasi (91,6%) nomuvofiq deb topildi. Bu orqali 8,8 milliard so‘mlik mahsulotlar standart talablariga javob bermasligi aniqlandi.
Shuningdek, 28 477 ta o‘lchash vositasidan 21 035 tasi (73,8%) qiyoslanmagan, 69 ta o‘lchash vositalari esa umuman yaroqsiz holatda ekanligi ma’lum bo‘ldi.
Aniqlangan holatlar asosida 62 ta korxona tomonidan 570,9 milliard so‘mlik mahsulotlar sertifikat talablariga zid ravishda sotilgani aniqlandi. 48 turdagi mahsulot esa texnik reglament va standartlar talablariga mos kelmagan.
Sohalar kesimida eng ko‘p qonunbuzilish holatlari oziq-ovqat (29,9%), qurilish (32,5%) va yengil sanoat (29%) tarmoqlariga to‘g‘ri kelgan.
Qonun ustuvorligi ta’minlanmoqda
Aniqlangan qonunbuzilishlar bo‘yicha 429 nafar mas’ul shaxsga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning tegishli moddalari asosida bayonnomalar rasmiylashtirildi.
Shu bilan birga, 122 ta korxonaga nisbatan 305,3 milliard so‘mlik moliyaviy jarimalar qo‘llash uchun hujjatlar tayyorlandi.
- Ma’muriy jarimalar bo‘yicha 402 nafar shaxsga nisbatan 289,6 million so‘m jarima belgilanib, 145,6 million so‘m undirildi.
- Moliyaviy jarimalar bo‘yicha 82 ta korxonaga 171,7 milliard so‘mlik talabnoma yuborilib, 64 ta tadbirkorlik sub’ektidan 748,6 million so‘m undirildi.
- Sud orqali 31 ta korxonadan 62,8 milliard so‘m undirish haqida qaror chiqarildi.
Hududlar kesimida natijalar
Nazorat tadbirlari barcha hududlarda amalga oshirilib, qator muhim natijalar qayd etildi.
Jumladan:
- Toshkent shahrida — 43 ta tekshiruv, 207 mahsulotdan 199 tasi nomuvofiq
- Farg‘ona viloyatida — 29 ta tekshiruv, 33 mahsulotdan barchasi nomuvofiq
- Buxoro viloyatida — 38 ta tekshiruv, 56 mahsulotdan 54 tasi nomuvofiq
- Qashqadaryo, Navoiy, Samarqand va boshqa viloyatlarda ham shunga o‘xshash holatlar qayd etildi.
Bu ko‘rsatkichlar mahsulot sifati va standartlarga rioya etish borasida hali ham yetarli darajada e’tibor talab etilishini ko‘rsatmoqda.
Profilaktika — asosiy yo‘nalishda
Nazorat inspeksiyasi tomonidan qonunbuzilishlarni oldini olish maqsadida 15 891 ta tadbirkorlik sub’ektiga ogohlantirish xatlari va tarqatma materiallar yuborildi. Bu ishlar orqali tadbirkorlar o‘rtasida sohaga oid qonunchilik talablarini tushuntirish va xabardorlikni oshirish maqsad qilingan.
Sertifikat hujjatlari tahlili
Hukumat topshirig‘i asosida 2025 yil boshidan buyon 2 161 ta sertifikatlash hujjat to‘plami tahlil qilindi. Shundan 290 tasida kamchiliklar aniqlanib, bartaraf etish uchun qaytarildi.
Yo‘nalishlar kesimida:
- Lift va eskalatorlar bo‘yicha — 519 hujjat, 43 tasida kamchilik
- Kabel, kotyol va konditsionerlar — 1 159 hujjat, 172 tasida kamchilik
- Armatura va metall listlar — 379 hujjat, 61 tasida kamchilik
- Sement va oyna mahsulotlarida — jami 10 ta kamchilik holati
Shuningdek, sertifikatlashtirish sohasidagi 76 ta idora faoliyati tahlil qilinib, aniqlangan 656 ta kamchilik yuzasidan 26 ta idoraga
nisbatan muvofiqlik sertifikatlarini bekor qilish bo‘yicha choralar ko‘rildi.
Laboratoriyalarning malakaliligini oshirish
Joriy yilda laboratoriyalarning texnik jihatdan malakaliligini baholash va tasdiqlash bo‘yicha 587 ta korxona va tashkilot bilan 13,8 milliard so‘mlik shartnomalar imzolandi. Shundan 470 ta korxona 10,6 milliard so‘mlik to‘lovni amalga oshirdi. 441 ta laboratoriya tekshirilib, 379 tasiga malakalilik guvohnomasi berildi. 21 ta korxona belgilangan muddatda kamchiliklarni bartaraf etmagani sababli rad etildi.
2025 yil II yarim yillikdagi asosiy vazifalar
Nazorat inspeksiyasi yilning ikkinchi yarmida ham qator dolzarb yo‘nalishlarda faoliyatni davom ettiradi. Jumladan:
- 294 ta davlat nazorati tadbirini o‘tkazish;
- 2 160 ta tadbirkorlik sub’ektida profilaktika ishlarini amalga oshirish;
- 1 056 ta sertifikat hujjat to‘plamini tahliliy o‘rganish;
- 6 ta seminar tashkil etish;
- OAV va ijtimoiy tarmoqlarda 42 marta faoliyat natijalarini yoritish.
O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligining Nazorat inspeksiyasi amalga oshirayotgan keng qamrovli ishlar — bu shunchaki tekshiruv yoki hisobot emas, balki aholi xavfsizligi, sifat madaniyatini mustahkamlash va tadbirkorlik muhitini sog‘lomlashtirish yo‘lidagi tizimli harakatdir.
Inspeksiyaning bosh maqsadi — har bir korxona va ishlab chiqaruvchiga qonun talablariga amal qilgan holda, raqobatbardosh, xalqaro standartlarga javob beradigan mahsulot ishlab chiqarishda ko‘mak berishdir.
