Rasmiy munosabat
2026-09-29 15:35:00 / Yangiliklar

Kanoe bo‘yicha terma jamoa a’zosi Pavel Eygeldan musobaqadan tashqari davrda olingan doping sinamasida sportda taqiqlangan S4 — gormonlar va modulyatorlar guruhiga kiruvchi Trimetazidin (Trimetazidine) moddasi aniqlangan. Ayni paytda mazkur holat bo‘yicha o‘rganish ishlari davom etmoqda.
Aralash jang san’atlari assotsiatsiyasi sportchisi Nodirek Shavkatovdan musobaqadan tashqari davrda olingan doping sinamasida ham sportda taqiqlangan S4 — gormonlar va modulyatorlar guruhiga kiruvchi Meldoniy (Meldonium) moddasi aniqlangan. Sportchi o‘z huquqlaridan biri bo‘lgan B sinamasini tekshirishni so‘ragan.
Shuningdek, velosport federatsiyasi sportchilari Nafosat Koziyeva va Yanina Kuskovalardan musobaqadan tashqari davrda olingan doping sinamalarida sportda taqiqlangan S1.2 — boshqa anabolik agentlar guruhiga mansub Klenbuterol (Clenbuterol) moddasi aniqlangan.
Mazkur sportchilar Osiyo o‘yinlariga tayyorgarlik jarayonida Meksikada o‘quv-mashg‘ulot yig‘inida ishtirok etgan. Katta ehtimol bilan, Meksikada go‘sht mahsulotlarini tanovul qilishda "Klenbuterol" moddasi bilan zararlangan bo‘lishi mumkin. Agar sportchilar ushbu hududda bo‘lganliklarini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etsalar, ularga nisbatan diskvalifikatsiya jazosi qo‘llanilmasligi mumkin.
Barcha turdagi ommaviy axborot vositalari vakillari hamda jamoatchilikdan mazkur holatlar bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilinguniga qadar chalg‘ituvchi va tasdiqlanmagan ma’lumotlarni tarqatmaslikni so‘raymiz.
Har bir holat bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilingach, O‘zbekiston Milliy antidoping agentligi tomonidan rasmiy bayonot beriladi.
