Infratuzilma yaxshilansa, hududning iqtisodiy imkoniyati ham kengayadi
2026-10-06 09:50:00 / Yangiliklar

Ayni paytda Ko‘prikboshi, Qumto‘g‘on va Sohil mahallalari hududida loyiha qiymati 3,7 milliard so‘m bo‘lgan turizm loyihalarini yanada rivojlantirish hamda xizmat ko‘rsatish obyektlari uchun yo‘l infratuzilmasini yaxshilash ishlari boshlandi.
Loyiha doirasida 4 kilometr piyodalar va sog‘lomlashtirish yo‘laklari barpo etilib, hudud tungi yoritish tizimlari bilan ta’minlanadi. Qurilish ishlari zamonaviy shaharsozlik talablari asosida amalga oshiriladi.
Bu, avvalo, hudud qiyofasining o‘zgarishi, aholi va mehmonlar uchun qulay muhit yaratilishi degani.
Ammo masalaning iqtisodiy tomoni yanada muhim.
Yaxshi infratuzilma — yangi tadbirkorlik uchun sharoit. Yangi tadbirkorlik esa yangi xizmatlar, yangi investitsiyalar va yangi ish o‘rinlarini anglatadi.
Yo‘llar, piyodalar yo‘laklari, yoritish tizimi va obod hudud shakllanishi bilan bu yerda kafe va ovqatlanish shoxobchalari, savdo, ko‘ngilochar maskanlar, dam olish xizmatlari hamda boshqa turizm xizmatlarini tashkil etish uchun imkoniyatlar kengayadi.
Natijada bu hudud nafaqat sayr qilish va dam olish maskaniga, balki tadbirkorlik va bandlikning yangi nuqtasiga aylanishi mumkin.
Eng muhimi, bugun yaratilayotgan infratuzilma ertangi iqtisodiy faollik uchun poydevor bo‘ladi.
Uchqo‘rg‘onda zamonaviy infratuzilma — yangi xizmatlar, yangi tadbirkorlik va yangi ish o‘rinlari uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochmoqda.






