YANGIYeR MAHALLASIDA KAMBAGʻALLIKNI QISQARTIRISH VA AHOLI DAROMADLARINI OSHIRISH BO‘YICHA ISHLAR YANGI BOSQICHGA CHIQMOQDA
2026-09-19 15:55:00 / Yangiliklar

Xususan, Yangiyer mahallasida bugungi kunda 1 270 ta xonadonda 5 608 nafar aholi istiqomat qiladi. Mahallada 112 ta kambag‘al oila mavjud bo‘lib, ularning 62 tasi kambag‘al, 11 tasi kambag‘allik chegarasidagi oilalar hisoblanadi. Shuningdek, 39 ta oila davlat ta’minoti orqali qo‘llab-quvvatlanmoqda.
Prezident raisligida joriy yil 3 sentyabr kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishidan so‘ng mahalladagi 112 ta kambag‘al oila qayta xatlovdan o‘tkazilib, har bir xonadonning imkoniyatlari va ehtiyojlari atroflicha tahlil qilindi. Natijada oilalarni daromadli mehnatga jalb etish bo‘yicha aniq rejalar ishlab chiqildi.
Amalga oshirilgan ishlar natijasida 5 nafar fuqaroga tadbirkorlik va chorvachilik faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun jami 80 million so‘m kredit mablag‘i ajratildi. Jumladan:
• Xojimatova Muqaddasga chorvachilik faoliyati uchun 30 million so‘m kredit;
• Sobirova Sohibaga fud-trek tashkil etish maqsadida 20 million so‘m foizsiz kredit;
• Boymatova Xabibaga chorvachilik uchun 10 million so‘m kredit;
• Yo‘ldasheva Arofatga chorvachilikni rivojlantirish uchun 10 million so‘m kredit;
• Abdulhamidova Gulnozaga chorvachilik yo‘nalishida 10 million so‘m kredit ajratildi.
Bundan tashqari, 8 nafar fuqaroga mehnat qurollari va asbob-uskunalar xarid qilish uchun ssuda mablag‘lari berildi. 2 nafar fuqaro kasb-hunar o‘quv kurslariga yo‘naltirildi, 3 nafarining doimiy ish bilan bandligi ta’minlandi, 4 nafar fuqaro esa o‘zini o‘zi band qilish orqali daromad topish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
E’tiborli jihati shundaki, kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha ishlar endi faqat ijtimoiy yordam berish bilan cheklanib qolmay, aholining mustaqil daromad manbaini shakllantirishga qaratilmoqda. Kredit, kasb-hunar, tadbirkorlik va bandlik mexanizmlarining uyg‘unligi har bir oilaning iqtisodiy faolligini oshirishga xizmat qilmoqda.
“Har bir oila — daromadli, har bir fuqaro — band!” tamoyili asosida Yangiyer mahallasida boshlangan bu ishlar kelgusida yana ko‘plab oilalarning turmush darajasi yaxshilanishiga, aholi farovonligi va mahalla iqtisodiy salohiyatining ortishiga zamin yaratmoqda.









