Og‘ir toifadagi hududdan farovonlik sari: islohotlar Yog’duni o‘zgartirmoqda
2026-09-19 14:55:00 / Yangiliklar

So‘nggi yillarda mahallada 10 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ hisobidan amalga oshirilgan qurilish va obodonlashtirish ishlari aholi turmush tarzini sezilarli darajada o‘zgartirdi. Maktab to‘liq ta’mirlandi, zamonaviy maktabgacha ta’lim muassasasi yangidan barpo etildi, oilaviy shifokorlik punkti kapital ta’mirdan chiqarildi. 8 kilometrlik ichimlik suvi tarmog‘i tortildi, elektr ta’minoti yaxshilanmoqda, aholini yillar davomida qiynagan ichki yo‘llar asfaltlashtirilmoqda. Shuningdek, mahalla fuqarolar yig‘ini uchun yangi va zamonaviy bino qurilishi ham yakuniga yetmoqda.
E’tiborli jihati shundaki, davlat siyosatida infratuzilmani yaxshilash yakuniy maqsad emas, balki aholi farovonligini ta’minlashga xizmat qiluvchi muhim bosqich hisoblanadi. Shu bois bugun Yoqduda asosiy e’tibor aholini ish bilan ta’minlash, daromad manbalarini ko‘paytirish, tadbirkorlikni rivojlantirish va kambag‘allikni qisqartirish masalalariga qaratilmoqda.
Mahalla hududidan O‘zbekiston–Qirg‘iziston chegarasidagi Uchqo‘rg‘on nazorat postiga olib boruvchi asosiy yo‘l o‘tishi ham iqtisodiy imkoniyatlarni kengaytirmoqda. Avtomobillar va fuqarolar harakatining ortishi xizmat ko‘rsatish, savdo, umumiy ovqatlanish va boshqa servis sohalarini rivojlantirish uchun qulay sharoit yaratmoqda. Bu esa yangi ish o‘rinlari va qo‘shimcha daromad manbalarining paydo bo‘lishiga xizmat qilmoqda.
Kechagina chekka va og‘ir toifadagi hudud sifatida qaralgan Yoqdu bugun yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Infratuzilmadagi o‘zgarishlar iqtisodiy faollikni kuchaytirib, aholida ertangi kunga ishonchni mustahkamlamoqda.
Eng muhimi, Yog’du endi faqat tumanning eng olis mahallasi emas. U chegara imkoniyatlarini iqtisodiy o‘sish nuqtasiga aylantirayotgan, tadbirkorlik va bandlik rivojlanayotgan zamonaviy “ostona mahalla”ga aylanmoqda. Bugun Yog’duda kechayotgan islohotlar inson qadri, farovon hayot va hududlar o‘rtasidagi tafovutlarni qisqartirishga qaratilgan davlat siyosatining amaliy natijasidir.









