Uchqo‘rg‘on yo‘llarida yangilanish: harakat xavfsizligi va qulaylik sari
2026-08-21 14:55:00 / Yangiliklar

Mahalliy ahamiyatga ega 50V 009 «Yangiyer q. – Yog‘du q. – Qo‘g‘ay q. – Haqqulobod sh.» avtomobil yo‘lining 16 kilometr qismida syement-beton qoplama yotqizish ishlari qizg‘in olib borilmoqda.
Shu bilan birga, «Uchqo‘rg‘on–Kengsay» bojxona postiga olib boruvchi davlat ahamiyatidagi D-128 «Uchqo‘rg‘on shahri – Bo‘ston qishlog‘i – Qirg‘iziston Respublikasi chegarasi» avtomobil yo‘lida ham keng ko‘lamli qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirilmoqda.
Mazkur yo‘nalishda 2 ta ko‘prik yangidan qurilib, ta’mirlanmoqda. Chegara postidan tuman markazigacha bo‘lgan 10 kilometr masofada yo‘lni kengaytirish ishlari ham jadal sur’atlarda davom etmoqda.
Bu ishlar oddiy yo‘l ta’miri emas. Zamonaviy va sifatli yo‘l — aholi uchun xavfsiz harakat, qishloqlar o‘rtasidagi transport aloqasini yaxshilash, yuk tashishni yengillashtirish va hududning iqtisodiy salohiyatini oshirish uchun muhim infratuzilmadir.
Ayniqsa, chegara hududiga olib boruvchi yo‘llarning yaxshilanishi nafaqat Uchqo‘rg‘on, balki butun hududning savdo-iqtisodiy aloqalari uchun ham yangi imkoniyatlar yaratadi.
Sifatli yo‘l — taraqqiyotga olib boruvchi yo‘l. Uchqo‘rg‘onda bu yo‘nalishdagi amaliy ishlar davom etmoqda.









