Uchqo‘rg‘onda xalqaro standartlar asosida xususiy maktab quriladi
2026-02-05 11:50:00 / Yangiliklar

Davlat-xususiy sheriklik asosida tumandagi uzoq yillar davomida bo‘sh turgan bino o‘rnida “Yapon texnologiyasi” asosida faoliyat yurituvchi xalqaro xususiy maktab qurilishi ko‘zda tutilgan.
Shu munosabat bilan tuman rahbarlari boshchiligidagi ishchi guruh tadbirkor tomonidan taqdim etilgan loyiha bilan joyida tanishdi. Loyihada maktabni zamonaviy o‘quv xonalari, laboratoriyalar, sport zallari, axborot texnologiyalari sinfxonalari hamda xalqaro ta’lim standartlari asosida jihozlash rejalashtirilgani qayd etildi.
Ta’kidlanganidek, Uchqo‘rg‘onda chegara posti ochilishi orqali tuman xalqaro ahamiyatga ega hududga aylanib, turizm, servis, logistika va tadbirkorlik sohalari jadal rivojlanmoqda. Bu esa ta’lim, xizmat ko‘rsatish va boshqa sohalarda ham zamonaviy talablarga javob beradigan muassasalarga ehtiyojni oshirmoqda.
Bugungi kunda tumanda xalqaro darajada xizmat ko‘rsatuvchi ob’yektlar, servis markazlari va ta’lim muassasalari soni bosqichma-bosqich ortib bormoqda. Yangi xususiy maktab loyihasi ham hududda ta’lim sifatini yanada yuksaltirish, yangi ish o‘rinlari yaratish hamda yoshlarni xalqaro bilim va ko‘nikmalar bilan ta’minlashga xizmat qilishi kutilmoqda.
Uchqo‘rg‘onda amalga oshirilayotgan bunday loyihalar tumanning investisiyaviy jozibadorligini oshirib, uning xalqaro maydondagi nufuzini yanada mustahkamlashga xizmat qilishi ta’kidlandi.




