Tadbirkorlar ehtiyojiga mos mutaxassislar tayyorlash dasturi amalga oshiriladi
2025-10-03 11:30:00 / Yangiliklar

Termiz tumanida yoshlarni kasb-hunarga yo‘naltirish, ish bilan ta’minlash, tadbirkorlik faoliyati uchun zarur kadrlarni tayyorlash va bu boradagi hamkorlikni kuchaytirish masalalarida tuman hokimi Shuxrat Nazarov va tegishli organ mutasaddilari rahbarligida yig‘ilish o‘tkazildi.
Yig‘ilishda mahalliy ishlab chiqarish va sanoat korxonalari, ta’lim muassasalari, kasb-hunarga tayyorlash bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar hamda tuman politexnikumi mas’ullari ishtirok etdi.
Uchrashuvda tadbirkorlik subyektlariga qaysi yo‘nalishlarda mutaxassislar zarur ekanligi o‘rganilib, ularni qisqa muddatda tayyorlash maqsadida texnikumlarda maxsus o‘quv kurslarini tashkil etish masalasi muhokama qilindi. Shuningdek, xorijda ishlash istagida bo‘lgan fuqarolarni mehnat migratsiyasiga tayyorlash doirasida xorijiy tillar va turli kasb-hunar yo‘nalishlariga ixtisoslashtirilgan o‘quv markazlarini tashkil etish istagida bo‘lgan tadbirkorlarga texnikumlarda zarur shart-sharoitlar yaratib berish vazifasi qo‘yildi.
Yig‘ilish yakunida bildirilgan taklif va mulohazalar asosida tadbirkorlik subyektlariga zarur mutaxassislar ro‘yxati, ularni tayyorlash muddatlari, o‘quv markazlari uchun texnikumning bo‘sh xonalarini ijaraga berish hamda boshqa yo‘nalishlarni qamrab olgan yo‘l xaritasini ishlab chiqish belgilandi.
Ushbu vazifalar tumanda tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish, yoshlarni kasb-hunarga yo‘naltirish va aholi bandligini ta’minlashda muhim qadam bo‘lib xizmat qiladi.






