O‘zbekistonda rasmiy statistika tizimi – yangi bosqichda
2025-07-08 10:45:00 / Yangiliklar

Statistika – aniq qarorlar, barqaror rivojlanish va samarali davlat boshqaruvining poydevori
Bugungi zamon – raqamlar zamoni. Statistik ma’lumotlar nafaqat mamlakat iqtisodiyoti, balki ijtimoiy hayot, aholi farovonligi va kelajak taraqqiyotining ham asosiy indikatorlaridan biri sanaladi. Davlatning to‘g‘ri qaror qabul qilishi, islohotlarni to‘g‘ri yo‘naltirishi va samarali boshqaruv tizimini tashkil etishi ko‘p jihatdan ishonchli va ochiq statistik ma’lumotlar asosiga tayanadi.
O‘zbekistonda oxirgi yillarda ushbu sohani tubdan isloh qilish, uni xalqaro standartlarga moslashtirish va raqamlashtirish orqali zamonaviy statistika tizimini shakllantirishga qaratilgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Prezident Farmoni – sohada yangi bosqichni boshlab berdi
2025-yil 24-fevral kuni qabul qilingan PF–27-son Prezident Farmoni – mamlakatimizda rasmiy statistikani yuritish tizimini zamonaviylashtirish va sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarishga qaratilgan muhim qadam bo‘ldi.
Mazkur farmon asosida Prezident huzuridagi Statistika agentligi Milliy statistika qo‘mitasi sifatida qayta tashkil etildi va uning vakolatlari, funksiyalari sezilarli darajada kengaytirildi.
Bu esa statistik ma’lumotlarning ishonchliligi, shaffofligi va dolzarbligini ta’minlash, zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalanish va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni kuchaytirish kabi bir qator ustuvor vazifalarni belgilab berdi.
Raqamlashtirish – zamonaviy statistikaning asosiy yo‘nalishi
Yangi Farmon doirasida qo‘lga kiritilayotgan innovatsion yondashuvlar, ayniqsa, raqamlashtirishga oid tashabbuslar sohani sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqmoqda:
“Hududlar statistikasi” axborot tizimi orqali har bir viloyat, tuman va shahar bo‘yicha iqtisodiy va ijtimoiy ko‘rsatkichlar real vaqt rejimida shakllantiriladi;
“Maslahatchi” interaktiv xizmati – sun’iy intellektga asoslangan yordamchi tizim bo‘lib, tadbirkorlik sub’ektlariga hisobot topshirishda avtomatik tavsiyalar beradi, xatolarni aniqlaydi va ularni to‘g‘rilash bo‘yicha takliflar taqdim etadi;
“Tahlilchi” konsultativ xizmati foydalanuvchilarga statistik ma’lumotlarni saralash, tahlil qilish va prognozlashtirishda ko‘maklashadi;
“Call-markaz” xizmati orqali telefon aloqasi vositasida respondentlardan ma’lumot to‘plash jarayoni samarali yo‘lga qo‘yiladi.
Bu kabi yechimlar statistik ma’lumotlarni yig‘ish, qayta ishlash va tarqatish jarayonini avtomatlashtirishga, inson omilini kamaytirishga va sifatni oshirishga xizmat qiladi.
Tadbirkorlar uchun qulaylik – hisobot yuki kamaydi
Milliy statistika qo‘mitasi tomonidan kichik biznes va mikrofirmalar uchun hisobot topshirish tartibi yanada soddalashtirildi.
Endilikda:
xodimlar soni 5 nafargacha va yillik daromadi BHMning 2000 barobarigacha bo‘lgan korxonalar faqat uch yilda bir marta hisobot taqdim etadi;
davlat ulushi 50%dan yuqori va aksiz solig‘ini to‘lovchi sub’ektlar ushbu tartibdan mustasno hisoblanadi;
mikrofirmalar haqidagi ma’lumotlar avtomatik ravishda Soliq qo‘mitasining axborot tizimi orqali shakllantiriladi.
Bu esa tadbirkorlar uchun ma’muriy yukni kamaytiradi, vaqt va resurslarni tejaydi hamda hisobotlarning aniqligi va ishonchliligini ta’minlaydi.
Axborot tizimlari integratsiyasi – tezkorlik va sifat garovi
Qishloq xo‘jaligi, kadastr, mehnat va boshqa sohalardagi vazirlik va idoralar axborot tizimlari bilan integratsiya qilinishi orqali:
qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hajmi bo‘yicha ishonchli ma’lumotlar to‘planadi;
elektron ma’lumot almashinuvi avtomatlashtirilib, tahlil jarayoni tezlashtiriladi;
qaror qabul qilishda dolzarb ma’lumotlardan samarali foydalanish imkoni yaratiladi.
Jamoatchilik bilan aloqa: zamonaviy media-markaz tashkil etiladi
Rasmiy statistika ma’lumotlarini ommaga sodda, tushunarli va vizual shaklda yetkazish maqsadida Milliy statistika qo‘mitasi huzurida media-markaz faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
Ushbu markaz orqali:
infografika, videorolik va tahliliy materiallar tayyorlanadi;
rasmiy sayt va ijtimoiy tarmoqlar orqali ma’lumot tarqatish yo‘lga qo‘yiladi;
jurnalistlar, blogerlar va tahlilchilar uchun doimiy brifinglar, media-treninglar va seminarlar tashkil etiladi.
Bu tashabbuslar jamoatchilikning rasmiy ma’lumotlarga bo‘lgan ishonchini oshirish, fuqarolarning raqamli savodxonligini yuksaltirish va axborotga kirish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.
Statistik islohotlarning asosiy maqsadi – aniq, shaffof va ishonchli ma’lumotlar
Yangi islohotlar mamlakatimizdagi statistika tizimini xalqaro standartlarga moslashtirish, sifat boshqaruvi mexanizmlarini joriy etish va ma’lumotlarning dolzarbligini ta’minlashga qaratilgan. Ayniqsa, yakka tartibdagi tadbirkorlarni iqtisodiy faollik sohalariga muvofiq ro‘yxatdan o‘tkazish tizimi orqali ham statistik tasniflash jarayoni soddalashtiriladi.
Shu bilan birga, xalqaro tajribalarni chuqur o‘rganish, amaliy tavsiyalar ishlab chiqish va jahon reytinglarida mamlakatimiz o‘rnini mustahkamlashga qaratilgan choralar ham tizimli ravishda amalga oshiriladi.
Xulosa o‘rnida, rasmiy statistika bu – faqatgina raqamlar emas. U – mamlakatning bugungi holati, siyosiy-iqtisodiy jarayonlarining real manzarasi va eng muhimi, kelajakni aniq ko‘ra bilish vositasidir. O‘zbekistonda statistik islohotlarning yangi bosqichi esa davlat boshqaruvini zamonaviylashtirish, biznes muhitini yaxshilash va fuqarolarga sifatli ma’lumot yetkazishda muhim poydevor bo‘lib xizmat qiladi.
