Davlat hisobidan yuridik yordam: kimga va qanday tartibda ko‘rsatiladi?
2025-06-14 10:45:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasida inson huquqlari, erkinliklari va qadri ustuvor bo‘lib, har bir fuqaroga o‘z huquqlarini himoya qilish uchun teng imkoniyatlar yaratishga harakat qilinmoqda. Buning muhim yo‘nalishlaridan biri — davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish tizimidir.
Davlat hisobidan yuridik yordam nima?
“Davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish to‘g‘risida”gi Qonunga ko‘ra, davlat hisobidan yuridik yordam — bu moddiy imkoniyati cheklangan va huquqiy himoyaga muhtoj shaxslarga advokatlar orqali bepul malakali yuridik yordam ko‘rsatishdir. Bunday yordam faqat Advokatlar reestrga kiritilgan advokatlar orqali amalga oshiriladi.
Yuridik yordam olish uchun kimlar murojaat qilishi mumkin?
Quyidagi shaxslar davlat hisobidan yuridik yordam olish huquqiga ega:
— Kam ta’minlangan fuqarolar;
— Ruhiy holati buzilgan shaxslar;
— Xotin-qizlar va erkaklar teng huquqlarining buzilishi munosabati bilan sudga murojaat qilgan shaxslar;
— Jinoyat ishi bo‘yicha advokat ishtiroki majburiy bo‘lgan gumonlanuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchilar;
— Mahkumlar.
Qanday hujjatlar talab etiladi?
Yuridik yordam olish uchun shaxs:
— Ariza;
— Pasport (ID-karta) ma’lumotlari;
— Agar vakil orqali murojaat etilsa — ishonchnoma yoki tegishli hujjatlar;
— Zarur hollarda — psixiatriya yordami ko‘rsatilayotganini tasdiqlovchi ma’lumotnoma yoki suddan ma’lumot taqdim etadi.
“Yuridik yordam” axborot tizimi orqali advokat tanlash
2023 yildan “Yuridik yordam” axborot tizimi ishga tushirilgan bo‘lib, bu ham yuridik yordam olish ishlarini ancha yengillashtiradi. Advokatlar “Yuridik yordam” axborot tizimi (e-advokat.uz) orqali avtomatik tanlanadi. Bu tizimda advokatning ixtisosligi, ish yuritish tili va hududi inobatga olinadi. Tanlangan advokat belgilangan muddatda ishni qabul qilishi va yuridik yordam ko‘rsatishi shart. Agar «Yuridik yordam» axborot tizimi orqali tanlangan advokat ishda ishtirok etishni rad etadigan bo‘lsa, u rad etish asoslarini darhol «Yuridik yordam» axborot tizimiga kiritishi kerak. Tizimda ro‘yxatga olingan avokatlardan biri ishda o‘z ishtirokini tasdiqlamagunicha tanlash jarayoni davom etadi.
Davlat hisobidan ko‘rsatiladigan yuridik yordam turlari
Yuridik yordam quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha ko‘rsatiladi:
— Ijtimoiy nafaqa va moddiy yordam masalalari;
— Ishga tiklash va ish haqi undirish;
— Aliment undirish;
— Turar joy masalalari;
— Sog‘liqqa yetkazilgan zararni qoplash;
— Qonunga xilof harakatlar oqibatida yetkazilgan zararni qoplash;
— Ma’muriy qamoq bilan bog‘liq ishlarda himoya;
— Xotin-qizlar va erkaklar huquqlarining buzilishi holatida;
— Psixiatriya yordami ko‘rsatilayotgan paytdagi huquqiy masalalar;
— Jinoyat ishlari yuzasidan protsessual huquqlar himoyasi.
Davlat hisobidan yuridik yordam — adolat va tenglikni ta’minlashga qaratilgan muhim huquqiy mexanizmdir. U shaxslarning huquqlarini samarali himoya qilishga yordam beradi va huquqiy yordamga muhtojlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashni nazarda tutadi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Termiz tuman sudi raisi Sh.Xasanov
