Mahalla raisi saylovi — muhim demokratik jarayon
2025-05-01 14:20:00 / Yangiliklar

So‘nggi yillarda mahalla institutini jamiyat boshqaruvining xalq qadriyatlariga asoslangan samarali tizimi sifatida rivojlantirish maqsadida qator huquqiy-me’yoriy hujjatlar qabul qilindi, ularga tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi. Bu boradagi tashkiliy-huquqiy asoslar yanada takomillashtirilib, mahallalar faoliyatini yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan muhim islohotlar amalga oshirildi.
Mazkur huquqiy asoslarga tayanadigan holda, yurtimizdagi barcha hududlarda mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari saylovi boshlandi. Joriy yilning may-iyun oylari davomida bo‘lib o‘tadigan ushbu siyosiy jarayon doirasida har bir mahallada fuqarolar yig‘ini raisi saylanadi.
Bugun Termiz tumanidagi "Uchqizil" mahalla fuqarolar yig‘inida ham raisi saylovi o‘tkazildi. Saylovda mahallaning saylov huquqiga ega 1 138 nafar fuqarosidan qonunchilikka muvofiq tanlangan 210 nafarga yaqin vakil ishtirok etdi. Saylov jarayoni ochiq va shaffof tarzda, amaldagi saylov qonunchiligi talablariga to‘liq rioya etilgan holda tashkil etildi.
Ma’lumot uchun: Termiz tumanida jami 30 ta mahalla fuqarolar yig‘ini mavjud bo‘lib, ulardagi saylovlar may oyi davomida belgilangan tartibda navbatma-navbat o‘tkaziladi.









