Termiz tumani hokimi 38 nafar fuqaroning murojaatini tingladi
2026-10-06 16:00:00 / Yangiliklar

Termiz tumani hokimi Shuxrat Qalandarov ish kunini kambag‘allikni qisqartirish, agrar sohadagi mavsumiy ishlarni uyushqoqlik bilan tashkil etish hamda hududlarda obodonlashtirish ishlarini samarali olib borish masalalarini muhokama qilishdan boshladi.
Shundan so‘ng tuman hokimi mas’ullar bilan birga velosipedda Xalq qabulxonasi tomon harakatlanib, tuman markaziy ko‘chasida olib borilayotgan obodonlashtirish ishlarini ko‘zdan kechirdi. Hududdagi tozalik, obodlik va tartib holati o‘rganilib, mas’ullarga aniq vazifalar belgilab berildi.
Shundan so‘ng tuman hokimi haftalik ish rejasiga muvofiq Xalq qabulxonasida navbatdagi shaxsiy qabulini o‘tkazdi. Qabul davomida 38 nafar fuqaroning 42 ta masaladagi murojaati tinglandi.
Murojaatlarni ko‘rib chiqishda Prezident huzuridagi Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasi magistranti, Termiz tumani hokimiga dublyor sifatida stajirovka o‘tash uchun yuborilgan Sayfiddin Sadriyev hamda tuman mas’ullari ishtirok etdi.
Fuqarolar tomonidan ko‘tarilgan har bir masala tegishli mas’ullar ishtirokida atroflicha o‘rganildi. Ayrim murojaatlar bo‘yicha joyida ijobiy yechimlar berildi. Qo‘shimcha vaqt va o‘rganishni talab qiladigan masalalar esa mas’ul ijrochilarga aniq muddatlar belgilangan holda yo‘naltirilib, ularning ijrosi tuman hokimi tomonidan nazoratga olindi.








